O‘zbekiston | 18:57 / 16.01.2023
12373
2 daqiqa o‘qiladi

Nanay turizm qishlog‘iga aylantirilmoqda

Namanganning Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Nanay qishlog‘i hozirda bir vaqtning o‘zida 2500 sayyohni qabul qila oladi. 2025 yilgacha qishloqda turizm uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Nanay qishlog‘i turizm qishlog‘iga aylantirilmoqda. Turizm va madaniy meros vazirligidan ma’lum qilishlaricha, bu – viloyat hokimining 2023–2024-yillarda turizm salohiyatini jadal rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, Nanay qishlog‘i bir vaqtning o‘zida 2500 nafar sayyohni qabul qila oladi. Shundan 150 ta uy mehmonxonasi 1500 nafar sayyohga, boshqa dam olish maskanlari esa 1000 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi
Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

“Ayni damda Nanay qishlog‘ida qo‘shimcha turizm turlari va xizmatlarini rivojlantirish maqsadida ekstremal turizm, sport va otda sayr xizmati, 10 ta ovqatlanish shoxobchasi, 10 dan ortiq savdo nuqtasi tashkil etildi.

Bundan tashqari, qishloqda 150 dan ortiq oilaviy mehmon uyi, 20 taga yaqin gastronomik xonadon, shuningdek, hunarmand (uy) faoliyati yo‘lga qo‘yish hamda infratuzilmalarni yaxshilash belgilangan”, – deyiladi xabarda.

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi
Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

Vazirlikning qayd etishicha, Nanay turizm qishlog‘ida 400 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2023-2024 yillarda hunarmandchilik markazi, 2023–2025 yillarda esa selfi hududlari, 7 ta avtoturargoh, 10 ta yirik dam olish maskanlari qurilishi ko‘zda tutilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni paytda Navoiy viloyatidagi Dara va Qashqadaryodagi Bashir qishloqlari ham turizm qishlog‘iga aylantirilmoqda.

Mavzuga oid