Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern iste’foga chiqdi
42 yoshli Jasinda Ardern olti yil Yangi Zelandiya bosh vaziri lavozimini egallaganidan so‘ng to‘satdan iste’foga chiqishini e’lon qildi. Ardernning so‘zlariga ko‘ra, uning mamlakatni boshqarishga kuchi qolmagan.
Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern 19 yanvar, payshanba kuni iste’foga chiqishini e’lon qildi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, uning endi mamlakatni boshqarishga kuchi yo‘q. Ardern o‘z lavozimini fevral boshidan kechiktirmay tark etishni rejalashtirmoqda.
Jasinda Ardern matbuot anjumanida bosh vazir sifatidagi olti yil u uchun og‘ir vaqt bo‘lganini tan oldi. Endi u o‘z lavozimida qolishi va yangi saylovda ishtirok etish imkoniyatini ko‘rmayapti. «Men siyosatchilar ham odam ekanligini bilaman. Biz qo‘limizdan kelgancha hamma narsani qilamiz. Keyin esa vaqti keladi. Men uchun bu vaqt keldi», dedi Ardern.
Jasinda Ardernning bosh vazirligi davrida Yangi Zelandiya Kraystcherchdagi teraktlar, zilzilalar, siyosiy va iqtisodiy inqirozlar hamda koronavirus pandemiyasiga bardosh berdi. Ardernning aytishicha, ishi unga qiyin bo‘lgani uchun emas, balki «bu lavozimda endi boshqalar yaxshiroq ish qila olishi» uchun ketmoqda. 42 yoshli siyosatchi to‘rt yoshli qiziga vaqt ajratishni va uzoq yillik sevgilisi Klark Geyfordga turmushga chiqishni rejalashtirayotganini aytdi.
Jasinda Ardernning ketishi haqidagi e’lon Yangi Zelandiya aholisi uchun kutilmagan bo‘ldi. So‘rovlarga ko‘ra, ko‘pchilik saylovchilar uni hukumat rahbari lavozimida ko‘rishni ma’qul ko‘radi, garchi Ardernning bu lavozimga qayta saylangan 2020 yilga nisbatan mashhurligi pasaygan. Yangi Zelandiyadagi hukmron Leyboristlar partiyasi 22 yanvar kuni yangi yetakchini saylaydi, u 14 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi umumiy saylovga qadar bosh vazir lavozimini egallaydi.
Mavzuga oid
00:15
Yangi Zelandiyada ko‘kyo‘tal epidemiyasi e’lon qilindi
16:53 / 20.11.2024
Yangi Zelandiyada 40 ming maori o‘z huquqlari uchun namoyishga chiqdi
14:26 / 16.11.2024
Yangi Zelandiyada maori deputatlari bahsli qonun loyihasiga norozilik bildirib, majlisda raqsga tushdi
00:08 / 20.10.2024