O‘zbekiston | 12:28 / 23.01.2023
4347
2 daqiqa o‘qiladi

Investitsiya dasturini monitoring qilishning yangi tartibi o‘rnatilmoqda

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Investitsiya dasturini shakllantirish tizimini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Endilikda dastur monitoringi avtomatlashtirilgan onlayn-tizim orqali amalga oshiriladi. Hujjat bilan O‘zbekiston Investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanmoqda.

Uch yillik investitsiya dasturini shakllantirish quyidagi 6 ta bosqichdan iborat:

I bosqich – 1 avgustga qadar dastur dastlabki ro‘yxati shakllanadi;

II bosqich – 10 avgustga qadar shakllangan ro‘yxat Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;

III bosqich – 25 avgustga qadar Vazirlar Mahkamasining tarkibiy bo‘linmalari loyihani kelishishadi;

IV bosqich – 25 oktyabrga qadar vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari loyiha smeta hujjatlarini ishlab chiqib, kelishishadi;

V bosqich – 10 noyabrga qadar yakuniy loyiha Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;

VI bosqich – 1 dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasi loyihani Prezident Administratsiyasiga kiritadi.
 
Dasturni monitoring qilishning quyidagi tartibi o‘rnatilmoqda: loyiha tashabbuskorlari har oyning 5 sanasiga qadar uning ijrosi bo‘yicha ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritishadi; Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi har oyning 10 sanasiga qadar ma’lumotni Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Mavzuga oid