Jahon | 22:09 / 24.01.2023
37269
3 daqiqa o‘qiladi

«Qiyomat soati» millari 10 soniya oldinga surildi 

Endi «yadroviy yarim tungacha» 90 soniya qoldi. 

Foto: Reuters

Ehtimoliy «Qiyomat kuni»gacha qolgan vaqtni hisoblaydigan ramziy soat millari 10 soniya oldinga surildi va endi yarim tungacha 90 soniya qolganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Chikago universiteti tomonidan chop etilgan Yadro tadqiqotlari byulletenida e’lon qilindi. 

Olimlar ushbu soat millarining holatini aniqlashda siyosiy keskinliklar, qurollar, texnologiya, iqlim o‘zgarishi va epidemiyalar bilan bog‘liq xavflarni hisobga oladi. 

«Bu yili Byulletenning fan va xavfsizlik kengashi olimlari Qiyomat soati millarini 10 soniya oldinga surdi. Bunga Ukrainadagi urush oqibatlarining tobora xavfli tus olayotgani sabab bo‘ldi. Rossiya dunyo hamjamiyatiga yadro qurolini qo‘llash bilan bog‘liq turli ishoralarni qilmoqda. Bundan tashqari, Rossiya urush harakatlarini Chernobil va Zaporijjya AES yaqiniga ko‘chirdi. Bu xalqaro protokollarga mutlaqo ziddir va radioaktiv moddalarning keng ko‘lamli tarqalishi xavfini yuzaga keltirmoqda. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi nafaqat yadro, balki biologik va kimyoviy qurollarni qo‘llash xavfini ham oshirdi», deyiladi bayonotda. 

O‘tgan yili yanvar oyida soat millari «yadroviy yarim tungacha» 100 soniya qolganini ko‘rsatgan, bu holat bir necha yillardan beri o‘zgarishsiz edi. 

«Qiyomat soati» birinchi marta 1947 yilda «Yadroviy tadqiqotlar byulleteni» muqovasida «ishga tushirilgan». Yadro yarim tunidan eng uzoq nuqta 1991 yilda SSSR va AQSh o‘rtasida Strategik hujum qurollarini qisqartirish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan paytda bo‘lgan. O‘sha vaqtda soat 23:43 edi. 

Soat ko‘rsatkichlari har yili qayta hisoblab chiqiladi. Jarayonda 15 nafar Nobel mukofoti laureati ishtirok etadi. Byulleten mualliflarining fikricha, soat «dunyoning yadroviy qurollar, iqlim o‘zgarishi va yangi texnologiyalar tufayli falokatga qanchalik yaqinlashganini» ko‘rsatadi.

Mavzuga oid