Jamiyat | 23:03 / 25.01.2023
40294
3 daqiqa o‘qiladi

Qoplonga yemish sifatida tashlangan o‘rdak – Toshkent hayvonot bog‘idagi noyob hodisa

Toshkent hayvonot bog‘ida bir juft qoplon saqlanmoqda. Ularning urg‘ochisi Bagira oldiga o‘lja sifatida tashlangan o‘rdaklardan birini yemagan. Aksincha, ular 20 kundirki, bir qafasda yashab kelmoqda. Bu yirtqichlar hayotida kam uchraydigan holat.

Biz doimo yirtqich hayvonlarga tirik hayvonlarni berib boramiz. Ya’ni ularning ov qilish instinkti yo‘qolmasligi uchun. Ularga quyon, o‘rdak, dengiz cho‘chqasi va boshqa hayvonlarni beramiz. Qattiq sovuq arafasida urg‘ochi qoplonga ikkita o‘rdak bergandik. Ularning birini yeb, ikkinchisini yemadi. Biz sovuq kelyapti va zaxirasiga olib qo‘ydi deb o‘yladik. Eng qizig‘i, undan keyin yana quyon va o‘rdaklarni berganimizda ularni yedi. Mana 20 kundirki, urg‘ochi qoplon va o‘rdagimiz birga yashab kelmoqda”, deydi bog‘ning yirtqichlar bo‘limi boshlig‘i Nodir Bahromov.

Nodir Bahromov, Toshkent hayvonot bog‘i xodimi Foto: Kun.uz

Erkak va urg‘ochi qoplon boshqa-boshqa volerlarga joylashtirilgan. Volerlar to‘sinlar va yog‘och taxtalar bilan jihozlangan, u yerga tuproq sifatida qum yoyilgan.

Volerning ichki xonasi somon bilan issiq qilingan, jonivorlarning o‘yinlari uchun yirik qushlarning patlari to‘ldirilgan to‘p va o‘yinchoqlar mavjud. Panteralar ularni juda yaxshi ko‘rishadi.

Qora qoplon Foto: Kun.uz

Yirtqichlar mol, tirik quyon va parrandalar, sut hamda tuxum berib boqilmoqda. Bog‘ga tashrif buyuruvchilar ushbu jonivorlarning terisi rasmlarda yoki televizorda ko‘ringani kabi mukammal qora emasligiga guvoh bo‘lishadi. Diqqat bilan qaralsa, unda dog‘larni payqash mumkin.

O‘rdak Foto: Kun.uz
Qora qoplon va o‘rdak Foto: Kun.uz

Qora qoplonlar jussasi kichikroq bo‘lishiga qaramasdan sher, yo‘lbarslarga qaraganda xavfliroq. Chunki ular faol va harakatchan. Siz ham ularni jonli tomosha qilishingiz mumkin. Anomal sovuq kuzatilgan kunlarda yopilgan Toshkent hayvonot bog‘i eshiklari ayni paytda tashrif buyuruvchilar uchun ochilgan.

Mavzuga oid