Jahon | 13:45 / 26.01.2023
7986
3 daqiqa o‘qiladi

Rheinmetall Kiyevga tanklar uchun o‘q-dorilar zaxirasini yaratib beradi

Germaniyaning Rheinmetall mudofaa konserni Germaniya va boshqa davlatlar Ukrainaga beradigan Leopard 2 tanklarini katta miqdorda o‘q-dorilar bilan ta’minlashga tayyor.

Foto: Csaba Krizsan/dpa

Germaniyaning Rheinmetall mudofaa konserni Rossiya harbiy agressiyasidan himoyalanayotgan Ukrainaga Germaniya va boshqa davlatlar yuboradigan Leopard 2 tanklari uchun katta hajmdagi o‘q-dorilar yetkazib bera oladi. «Rheinmetall bunga tayyor va o‘q-dorilar, ayniqsa, yirik kalibrli o‘q-dorilar ishlab chiqarish quvvatini sezilarli darajada oshirdi», — deb ma’lum qildi konsern 25 yanvar, chorshanba kuni Rheinische Post gazetasi so‘roviga javoban.

Rheinmetall, shuningdek, ishchilar sonini ko‘paytirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish uchun katta miqdorda sarmoya kiritganini va sarmoya kiritishda davom etayotganini ta’kidladi - aftidan, bunda yangi o‘q-dorilar zavodi qurilishi nazarda tutilgan. «Biz Ukrainani, shuningdek, NATO va federal hukumatni, shu jumladan zarur o‘q-dorilar bilan qo‘llab-quvvatlash uchun hamma narsani qilamiz», deb ta’kidladi mudofaa korxonasi vakillari.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, quvvatning oshishi konsernga Bundesverning ham, Leopard 2 tanklari bilan qurollangan boshqa mamlakatlar mudofaa kuchlarining ham o‘q-dorilarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkonini beradi.

Leopard 2 tanki 120 mmlik silliq zambarak bilan jihozlangan, uning umumiy o‘q-dorilar yuki 42 ta to‘pni o‘z ichiga oladi, tank minorasidagi birinchi bosqichli o‘q-dorilar 15 ta to‘pdan iborat. Qurol yuqori portlovchi parchalanish va zirhni teshib o‘tuvchi kichik kalibrli raketalarni, shuningdek, LAHAT tipidagi yengil tankka qarshi raketalar bilan o‘qqa tuta oladi.

Avvalroq, 25 yanvar kuni Germaniya kansleri Olaf Shols Germaniyaning Ukrainaga uzoq vaqtdan beri so‘rab kelgan Leopard 2 asosiy jangovar tanklarini yetkazib berish niyatini rasman tasdiqlagan edi. Birinchi bosqichda Berlin Kiyevga Bundesver zaxirasidan 14 ta Leopard 2 A6 tankidan iborat rotani beradi. Shuningdek, u boshqa mamlakatlarga tanklarni Ukraina Qurolli kuchlariga reeksport qilish imkonini yaratadi. Umuman olganda, Kiyev yevropalik hamkorlardan 90 ga yaqin Leopard 2 jangovar mashinasini olishi mumkin. Bundan tashqari, AQSh hukumati Ukrainaga 31 ta M1 Abrams tankini berishga rozi bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid