O‘zbekiston | 22:27 / 27.01.2023
20140
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda jayron ovlagan brakonerlar ushlandi 

Ular O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 13 bosh jayronni otib o‘ldirganlikda gumonlanmoqda. 

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

Tabiat resurslari vazirligi tasarrufidagi «Borsakelmas» davlat buyurtma qo‘riqxonasi va «Janubiy Ustyurt» milliy tabiat bog‘ining qo‘riqlov xodimlari tomonidan hamkorlikda 26 yanvar kuni reyd tadbirlari o‘tkazildi. 

Unda soat 20:30 atrofida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qo‘ng‘irot tumani, «Jasliq» posyolkasida yashovchi fuqarolar J. Ye. va M. I. qonunga xilof ravishda mototransport vositasi yordamida tegishli ruxsatnomasi olinmagan ov miltig‘i bilan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan, yo‘qolib borayotgan noyob tur hisoblangan 13 bosh jayronni otib, jonsiz holatda olib ketayotgan paytida ushlandi. Brokonerlardan bir dona ov miltig‘i, 35 dona o‘q, hamda jayron tanalari ashyoviy dalil sifatida olingan. 

Hozirda holat bo‘yicha dastlabki surishtiruv ishlari amalga oshirilib, hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda. Huquqbuzarlarga nisbatan chora ko‘rish uchun tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga taqdim etiladi. 

Mavzuga oid