Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tanqiddan so‘ng: Asakada maktab quruvchisi ustidan jinoyat ishi ochildi
Kun.uz Asaka tumanidagi 3-sonli maktab devorlari qurilish tugamasidan turib yorilayotgani haqida yozgandi. Ayni paytda quruvchi tashkilot uchta holatda jami 1,8 mlrd so‘mlik talon-torojda gumonlanmoqda. Korxona rahbari qo‘lga olingan.
Kun.uz saytida Asaka tumanida salkam 4,5 milliard so‘mga qurilayotgan yangi maktab binosining devorlari allaqachon sho‘rlagan va yorilgan, eshiklari esa to‘liq yopilmayotgani haqida surishtiruv e’lon qilingan edi.
Bu qurilishni amalga oshirayotgan “Odil-Xamza” xususiy korxonasi mas’uli kamchiliklar bartaraf etilishini aytgandi.
Andijon viloyati prokuraturasining xabar berishicha, korxona rahbari X.O. va boshqalarga nisbatan JKning 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 228-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Asaka tuman prokuraturasi dastlabki tergovni olib boryapti.
Organga ko‘ra, korxona tomonidan 2022 yilda Asaka tumanidagi ikkita mahallada suv tarmog‘i tortish ishlari hamda 3-sonli maktab binosini qurish ishlarida haqiqatda amalga oshirilmagan 1 mlrd 756 mln so‘mlik ish hajmi qo‘shib ko‘rsatilib, budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li talon-toroj qilingan bo‘lishi mumkin.
“Xususiy korxona rahbari X.O. budjetga yetkazilgan zararni qoplash choralarini ko‘rmasdan, aksincha tergov organiga kelishdan qasddan bo‘yin tovlab kelgani sababli u majburiy tartibda keltirilib, qonunda belgilangan tartibda gumon qilinuvchi sifatida ushlangan”, – deyiladi xabarda.
Viloyat prokuraturasi tergovni nazoratga olgan. Holat atroflicha o‘rganilib, natijalari jamoatchilikka ma’lum qilinadi, deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
22:14 / 27.05.2025
«Nasaf» «Andijon»ni mag‘lub etib, O‘zbekiston Superkubogi egasi bo‘ldi
23:01 / 26.05.2025
Andijonda daraxt Cobalt ustiga qulab tushdi
19:26 / 26.05.2025
Andijonda tanishlari orqali 100 ming dollar kredit olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi
07:50 / 24.05.2025