O‘zbekiston | 18:34 / 28.01.2023
23055
2 daqiqa o‘qiladi

13 bosh jayronni noqonuniy ovlagan brakonerlarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

Qoraqalpog‘istonda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan, yo‘qolib borayotgan noyob tur hisoblangan 13 bosh jayron (kiyik) ovlangani haqida xabar berilgan edi.

Tabiat resurslari vazirligining ma’lum qilishicha, brakonerlardan 16 kalibrli bir stvolli bir dona ov miltig‘i, jami 35 dona, shundan 16 dona otilmagan va 19 dona ishlatilgan ov miltig‘i o‘qlari hamda 13 bosh otib nobud qilingan jayronlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatda O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarning tegishli moddalari talablari qo‘pol ravishda buzilgan.

Qonunni buzgan fuqarolar J.Ye. va M.I.ga nisbatan Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-sonli qaroriga asosan hayvonot dunyosiga yetkazilgan 195 mln so‘mlik zarar miqdori hisoblangan.

Mazkur holat yuzasidan Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tomonidan fuqarolar J.Ye. va M.I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 202-moddasi 3-qismi (Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) tegishli bandlari va 248-moddasi 1-qismi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid