Jahon | 12:05 / 01.02.2023
9301
3 daqiqa o‘qiladi

Aktyor Alek Bolduinga odam o‘ldirish bo‘yicha ayblov qo‘yildi

Alek Bolduin Nyu-Meksiko prokuraturasi tomonidan odam o‘ldirishda rasman ayblandi. "Zang" filmi s’yomkasida aktyor operator Galina Xatchinsni otib qo‘ydi. Rekvizit qurolda haqiqiy o‘qlar bo‘lgani aniqlandi.

Alek Bolduin (chapda) Foto: AP

Amerikaning Nyu-Meksiko shtati prokuraturasi 31 yanvar, seshanba kuni aktyor Alek Bolduinga 2021 yil 21 oktyabrda "Zang" vesternini suratga olish chog‘ida operator Galina Xatchinsni o‘ldirgani bo‘yicha rasman ayblov qo‘ydi. Bu haqda Amerika OAV sud hujjatlariga asoslanib xabar bermoqda.

Bolduindan tashqari, xuddi shunday ayblov suratga olish maydonchasida qurol va o‘q-dorilar uchun mas’ul bo‘lgan Xanna Guteres-Ridga ham qo‘yildi. Bolduin suratga olish paytida tasodifan Xatchinsni "Kolt" revolveridan otib qo‘ydi, unda noma’lum sabablarga ko‘ra o‘qsiz patronlar o‘rniga haqiqiylari bo‘lgan.

Agar Bolduin va Guteres-Rid aybdor deb topilsa, ular 18 oygacha qamoq jazosi va 5000 dollar jarimaga tortilishi mumkin. Biroq bu ish o‘qotar qurolga aloqadorligi tufayli qamoq muddati besh yilgacha oshishi mumkin, deya ta’kidlaydi CNN.

2022 yil noyabr oyida Bolduin "Zang" suratga olish guruhini sudga berdi. Aktyorning ta’kidlashicha, fojiaga Guteres-Rid, aktyorga qurol berib, uning xavfsiz ekanligini aytgan rejissyor yordamchisi Deyv Xolls, rekvizitor Sara Zakri va qurol yetkazib beruvchi Set Kennining harakatlari sabab bo‘lgan. "Bu ayblanuvchilar suratga olish maydonchasida xavfsizlikni ta’minlashi kerak bo‘lgan professionallardir. Suratga olishning barcha ishtirokchilari, jumladan Bolduin ham ulardan buni kutishmagan va ularga ishonishgan", deyiladi da’vo arizasida.

Shu bilan birga, Guteres-Ridning advokati Jyeyson Boulz jurnalistlarga shunday dedi: "Aynan u, Bolduinning o‘zi Galinani otib qo‘ydi, bu uning xatosi".

Xatchinslar oilasi dastlab Bolduinni suratga olinayotgan sahnaga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rmaganlikda va filmning ishlab chiqarish xarajatlarini asossiz qisqartirishda ayblab, sudga berdi. Keyinchalik da’vo qaytarib olindi. "Biz hammamiz Galinaning o‘limi dahshatli baxtsiz hodisa deb hisoblaymiz", dedi marhum operatorning eri Metyu Xatchins.

Mavzuga oid