Jahon | 09:25 / 01.02.2023
8091
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada pensiya islohotiga qarshi namoyishlar davom etmoqda

Fransiya hukumati pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshgacha ko‘tarmoqchi. Islohotga qarshi norozilikning yangi to‘lqini milliondan ortiq odamni to‘pladi.

Foto: Anadolu agency

Fransiyada pensiya islohotiga qarshi keng ko‘lamli norozilik namoyishlari susaymayapti. Namoyishlarning yangi to‘lqini 31 yanvar, seshanba kuni ham davom etdi. Rasmiylar namoyishchilar sonini 1,27 million deb hisoblamoqda, Fransiyadagi eng yirik kasaba uyushmalari uyushmalaridan biri CGT bu raqamni 2,8 million deb atamoqda. Birgina Parijning o‘zida, politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 87 mingga yaqin odam ko‘chaga chiqqan.

Shu tariqa, norozilikning yangi to‘lqini ishtirokchilar soni bo‘yicha ikki hafta oldin ko‘tarilgan avvalgisidan allaqachon oshib ketdi. O‘shanda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jami 1,2 million kishi Fransiya shaharlari ko‘chalariga chiqdi. Fransiyada rejalashtirilgan islohotga qarshi ilk norozilik namoyishlari 2022 yil sentabrida bo‘lib o‘tgan.

Kasaba uyushmalari rahbarlari bu bilan to‘xtamaslikka va’da berdi. Ular 7 va 11 fevral kunlari yangi norozilik namoyishlari uyushtirish niyatida.

Pensiya tizimini isloh qilish prezident Emmanuel Makronning saylovdagi asosiy va’dalaridan biridir. Islohotning asosiy qoidalari Fransiya bosh vaziri Elizabet Born tomonidan sanab o‘tilgan. Pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga, xodimlarning pensiya jamg‘armasiga to‘lov to‘lashining eng kam muddatini 43 yoshga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, eng kam pensiya oyiga 1200 yevrogacha ko‘tariladi.

Bornning so‘zlariga ko‘ra, islohotdan maqsad Fransiya pensiya jamg‘armasida 2030 yilga borib, prognozlarga ko‘ra, 20 milliard yevroga yetishi mumkin bo‘lgan mablag‘ taqchilligini oldini olishdir. Biroq kasaba uyushmalari, o‘ng qanot populistik "Milliy birlashuv" partiyasi va so‘l siyosatchilar hukumatning rejalarini asossiz darajada qattiqqo‘l deb hisoblaydi. Kasaba uyushmasi yetakchilarining aytishicha, islohot barcha fransuz ishchilariga, ayniqsa erta ish boshlagan va umr ko‘rish davomiyligi mamlakatdagi o‘rtachadan past bo‘lgan ishchilarga ta’sir qiladi.

Agar pensiya islohoti parlamentda ko‘pchilik ovozga ega bo‘lmasa, bosh vazir konstitutsiyaning 49.3-bandidan foydalanib, qonunni ovoz berishsiz qabul qilishi mumkin - bunda, keyin hukumatga ishonchsizlik votumi chiqarilmasligi kerak bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid