Iqtisodiyot | 18:59 / 06.02.2023
29868
4 daqiqa o‘qiladi

Xizmatlar sohasi qanday o‘zgardi? – iqtisodchi bilan imkoniyatlar haqida suhbat 

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tahlillariga ko‘ra, 2017-2022 yillarda xizmat ko‘rsatish sohasi 1,9 barobarga o‘sgan. Institut mutaxassisi Dilfuza Vahobova Kun.uzʼga bergan intervyusida bu o‘sishga qaysi omillar hissa qo‘shgani va boy berilgan imkoniyatlar haqida gapirib berdi.

2022 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda xizmatlar sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 41,5 foizni tashkil qildi.  2017-2022 yillar oralig‘ida xizmat ko‘rsatish sohasi 1,9 barobar o‘sgan. Institut guruh rahbari Dilfuza Vahobovaga ko‘ra, axborot kommunikativ infratuzilmaning yaxshilanishi davlat xizmatlari turlarining ko‘paygani, biznesni ro‘yxatga olish osonlashgani, xizmatlarni rivojlantirish to‘g‘risidagi dastur qabul qilingani bunga zamin yaratgan. 

Xizmatlar sohasini 2022-2023 yillarda rivojlantirish prognozlarida soha o‘sishi 2,2 barobar bo‘lishi kerak edi. Ayrim xizmat ko‘rsatish turlari prognoz parametrlariga mutanosib tarzda rivojlandi. Bunga moliyaviy xizmatlar misol bo‘la oladi.

Sohaning o‘sishi prognozdan past darajada bo‘lishiga imkoniyatlardan to‘la foydalanilmagani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, prognozlar optimistik ssenariyda ishlab chiqilishini ham hisobga olish muhim. Institut mutaxassislari xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar borligini tahlil qilishdi.

“Ta’lim xizmatlarida o‘sish kutilganidan 0,5 barobar kamroq bo‘lgan. Oliy ta’lim xizmatlar sohasining 54 foizini tashkil qiladi. Bu juda katta ulush, demak bizda asosiy boy berilgan imkoniyatlar oliy ta’limda. Tarixan qisqa davrda oliy ta’limda ham ta’limning boshqa bosqichlari kabi katta ishlar qilindi. 2018 yilda bittagina xususiy OTM bo‘lsa, o‘tgan davrda ko‘plab xususiy universitetlar ochildi. Xorijiy universitetlar O‘zbekistonga jalb qilindi, ularning soni 30 taga yetdi. 2017 yilda ularning soni 7 ta edi. Jahon banki ko‘rsatkichlariga ko‘ra, O‘zbekistondan ketib o‘qiyotgan talabalar va boshqa davlatlardan kelib o‘qiyotgan talabalar o‘rtasida 14 barobar farq bor. Demak bizdan ketib chetda o‘qiyotgan talabalar 14 barobar ko‘p. Aholining ichida ham oliy ta’lim xizmatlariga talab katta, ammo sifat borasida qiladigan ishlarimiz ko‘p”, — deydi Dilfuza Vahobova

Sog‘liqni saqlash tizimidagi xizmatlar ham boy berilgan imkoniyatlar qatorida ko‘rilmoqda. Bu sohadagi xizmatlar ham ta’lim xizmatlari kabi kutilganidan 0,4 barobar kam rivojlangan. Tahlilchilar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi xizmatlar kutilganidek rivojlanmasligiga ular davlat tomonidan ham ko‘rsatilgani bilan izohlanishi mumkinligini aytmoqda. 

“Turizm xizmatlari prognozlardan 0,3 barobar  kam rivojlandi. Boy berilgan imkoniyatlarimiz bor. Masalan, “Global muslim turizmi” indeksida O‘zbekiston 62 ball bilan 9-o‘rinda turadi. Bundan yuqori o‘ringa ko‘tarilishimiz mumkin. Ziyorat turizmini rivojlantirish imkoniyatlarimiz bor”. 

Dilfuza Vahobovaning aytishicha, halol turizm sohasidagi xizmatlarni rivojlantirish uchun bir qancha imkoniyatlar bor. Masalan, mehmonxonalarda alohida korpuslar yoki qavatlarni halol turizm uchun ajratish mumkin. Halol turizm xizmatlarining mijozlari ko‘proq oilaviy sayohatchilar bo‘ladi, shuning uchun oilaviy mehmonxonalar ulushini oshirish zarur. Aeroportlar, ziyoratgohlardagi sharoitlar ham yaxshilanishi kerak.

Zamonaviy xizmatlarda rivojlanish imkoniyatlari katta. Pandemiya davrida boshqa xizmat sohalarida pasayish kuzatilganda ham, moliyaviy, ta’lim, axborot va aloqa xizmatlari o‘sgan. Bu xizmat turlari o‘sishi hisobiga 2020 yilda xizmatlar sohasining 2 foiz o‘sishi ta’minlangan.

Madina Ochilova suhbatlashdi
Operator Mirvohid Mirrahimov
Montaj ustasi G‘iyos Safarov 

Mavzuga oid