Jahon | 13:41 / 10.02.2023
7266
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi noqonuniy muhojirlardan himoya bo‘yicha ikkita loyiha tayyorladi

YeIda boshpana so‘rab murojaat qilganlar soni keskin ortishi fonida Yevropa Ittifoqi davlatlari noqonuniy migratsiyani cheklash niyatida.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi tashqi chegaralarni noqonuniy muhojirlar oqimidan himoya qilish uchun ikkita loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda YeIning Bryusseldagi sammiti yakunida Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen ma’lum qildi, deb xabar beradi dpa 10 fevral, juma kuni.

Birinchi loyiha Bolgariya va Turkiya o‘rtasidagi chegarani transport vositalari, boshqariladigan yo‘llar, videokuzatuv kameralari va kuzatuv minoralari yordamida himoya qilishni o‘z ichiga oladi. Loyiha Yevropa Ittifoqi mablag‘lari, Bolgariyaning o‘zi budjeti va boshqa Yevropa Ittifoqi davlatlarining badallari hisobidan moliyalashtirilishi mumkin. 

Fon der Lyayyenning ta’kidlashicha, bu chegarada allaqachon chegara devori qurilgan, ammo bu kutilgan natijani bermaydi. Yevropa Ittifoqida uzoq vaqtdan beri YeI tashqi chegaralari bo‘ylab devor va to‘siqlar qurilishi Yevropa Ittifoqi budjeti hisobidan moliyalashtirilishi kerakligi haqida bahs-munozaralar davom etmoqda. Gretsiya va Avstriya buni keskin talab qilmoqda, Germaniya, Lyuksemburg va Yevropa komissiyasi esa bunga qarshi. Sammit ishtirokchilarining yakuniy bayonotida devor va to‘siqlarni moliyalashtirish haqida aytilmagan - gap faqat Yevropa Ittifoqi mablag‘larini jalb qilish kerakligi, shu jumladan chegaralarda infratuzilmani yaratish mo‘ljallangani haqida borgan. 

Ursula fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi loyiha muhojirlarni ro‘yxatga olish, boshpana so‘rovlari bo‘yicha tezroq qaror qabul qilish va rad etilgan qochqinlarni chiqarib yuborish uchun Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralariga qaytarish bilan bog‘liq. Bu loyiha aynan qayerda amalga oshirilishiga Yevrokomissiya rahbari aniqlik kiritmadi. 

Yanvar oyida YeI komissiyasi Yevropa Ittifoqida o‘sib borayotgan noqonuniy muhojirlar oqimi bilan yangi deportatsiya strategiyasi orqali kurashish niyatida ekanligini e’lon qildi. «Xalqaro himoyaga muhtoj bo‘lmaganlar o‘z vataniga qaytishlari kerak», dedi Yevropa komissari Ilva Yoxansson. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda Yevropa Ittifoqiga 300 mingdan ortiq noqonuniy muhojir kelgan. Ularning aksariyati boshpana olish uchun qonuniy huquqqa ega emas. 

Umuman olganda, 2022 yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida boshpana so‘rab murojaat qilganlar soni 2021 yilga nisbatan qariyb bir yarim baravarga oshgan – 924 mingta ariza. 

2022 yilda Germaniya boshpana so‘rab murojaat qilganlar soni bo‘yicha Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida yetakchi bo‘ldi. Germaniyada 190 000 dan ortiq odam boshpana so‘ragan - bir yil oldingiga nisbatan 57 foizga ko‘p. Murojaatnomalar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda - Fransiya (115 mingdan ortiq), keyingi o‘rinlardan - Ispaniya (111 ming), Avstriya (106 ming) va Italiya (78 ming). 

Bu statistika Ukraina fuqarolarini o‘z ichiga olmaydi, chunki ular uchun Rossiyaning mamlakatga harbiy hujumi tufayli Yevropa Ittifoqining maxsus qoidalari amal qiladi. Ukrainalik qochqinlar avtomatik ravishda Yevropa Ittifoqida vaqtinchalik yashash, ijtimoiy yordam, sog‘liqni saqlash, shuningdek, ta’lim va mehnat bozoridan foydalanish huquqini oladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid