Magistraturaga qabul natijalari nega kechikayotgani ma’lum qilindi
Ariza qabul qilish tugaganiga bir oydan oshdi. Rasmiylarga ko‘ra, natijalar cho‘zilayotganiga sabab – til sertifikatlarini tegishli bazalardan tekshirishga ko‘p vaqt ketyapti. Eslatib o‘tamiz, bu safargi qabulda istisno tariqasi xorijiy tilni bilish darajasidan qat’i nazar sertifikati bor hammaga hujjat topshirish imkoniyati berilgan edi.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 2022/23 o‘quv yili uchun magistraturaning qishki qabuli natijalari qachon e’lon qilinishiga oid murojaatlar ko‘paydi. Rasmiylarga ko‘ra, muddat cho‘zilayotganiga sabab – qabul uchun topshirilgan sertifikatlarni tegishli tashkilotlar bazalaridan tekshirish “ma’lum vaqt talab etmoqda”.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, hozirda hujjatlarning asosiy qismi tekshirib bo‘lingan.
“Bu jarayon tez kunda yakuniga yetkaziladi va natijalar e’lon qilinadi”, – deyiladi OO‘MTV izohida.
O‘zbekistonda magistraturaga kirish imtihonlari ilk bor yilda ikki marta o‘tkazilmoqda.
2022/23 o‘quv yili uchun magistraturaga qishki qabul 20 dekabrdan boshlanib, 10 yanvargacha davom etdi.
Dastavval, magistraturaga kirishga nomzodlardan filologiya yo‘nalishlarida kamida C1, nofilologik yo‘nalishlarda esa B2 darajadagi milliy yoki unga mos xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi belgilangan edi. Keyinchalik bir martalik istisno e’lon qilinib, qishki qabulda xorijiy tilni bilish darajasidan qat’i nazar barcha sertifikati borlar hujjat topshirishiga ruxsat berildi.
Mavzuga oid
23:29 / 28.08.2024
Magistraturaga qabul natijalari e’lon qilindi
14:50 / 06.08.2024
Magistratura uchun rad etilgan arizalarni tahrirlashga qo‘shimcha muddat berildi
19:01 / 27.07.2024
Magistratura bo‘yicha qabul kvotasi tasdiqlandi
21:37 / 20.07.2024