Jahon | 09:52 / 13.02.2023
4873
2 daqiqa o‘qiladi

Nikos Xristodulidis Kipr yangi prezidentiga aylandi

Kiprdagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida konservativ siyosatchi Nikos Xristodulidis so‘l kuchlar qo‘llab-quvvatlagan Andreas Mavroyannisni mag‘lub etdi.

Nikos Xristodulidis / Foto: AP

12 fevral, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida Kipr Respublikasi sobiq tashqi ishlar vaziri Nikos Xristodulidis g‘alaba qozondi. Saylov byulletenlarining 99,5 foizi sanab chiqilgach, Xristodulidis 52 foiz ovoz oldi. Uning raqibi – Kiprning BMTdagi sobiq doimiy vakili Andreas Mavroyannis 48 foiz to‘pladi va mag‘lubiyatini tan oldi.

Konservativ siyosatchi Xristodulidis birinchi turda 32 foiz ovoz oldi, so‘l kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Mavroyannis 29,6 foiz ovoz to‘plab, hukmron «Demokratik yig‘in» (DISY) partiyasi yetakchisi Averof Neofituni ortda qoldirdi. DISY partiyasi birinchi turda o‘z nomzodini mag‘lub etganidan keyin kimni qo‘llab-quvvatlashini hal qila olmadi, bu esa hal qiluvchi turda ovoz berish natijalarini oldindan aytib bo‘lmaydigan qilib qo‘ydi.

2004 yildan beri Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan Kipr Respublikasi prezidenti xalq ovozi bilan saylanadi. U mamlakat hukumatini tuzadi va unga rahbarlik qiladi. Prezident besh yilga saylanadi. Hozirgi davlat rahbari Nikos Anastasiadis 2013 yildan buyon o‘z lavozimini egallab kelmoqda. Mahalliy qonunlarga ko‘ra, u uchinchi muddatga qayta saylana olmaydi.

Saylovda faqat grek-kiprliklar ishtirok etishi mumkin edi - taxminan 560 ming kishi. Tan olinmagan Shimoliy Kipr Respublikasi aholisi ovoz berishda qatnashmadi.

Mavzuga oid