Sport | 10:52 / 13.02.2023
25532
4 daqiqa o‘qiladi

Tomas Bax hukumatlarni XOQ qarorlariga aralashmaslikka chaqirdi

Davlatlar qaysi sportchilar ishtirok etishini hal qila olmaydi, chunki bu xalqaro sport musobaqalarining hozirgi ko‘rinishidagi yakuni bo‘ladi, dedi XOQ rahbari.

Foto: reddit

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) rahbari Tomas Baxning so‘zlariga ko‘ra, hukumatlar qaysi sportchilar qaysi musobaqalarda qatnashishini hal qila olmaydi. Bu xalqaro sport musobaqalari, jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarining hozirgi ko‘rinishida o‘tkazilishiga chek qo‘yadi, dedi u 12 fevral, yakshanba kuni Kurshevelda tog‘ chang‘isi bo‘yicha jahon chempionatida.

Rossiya va Belarus sportchilarining xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi to‘g‘risidagi qaror hukumatlarning pozitsiyalariga bog‘liq bo‘lmasligi kerak, deya ta’kidladi u hamda shu tariqa Rossiya va Belarus sportchilarining Olimpiya o‘yinlari musobaqalarida ishtirok etishiga qarshi chiqqan 30 dan ortiq davlat vazirlarining chaqirig‘iga javob qaytardi. 

«Tarix tinchlik uchun kim ko‘proq harakat qilishini ko‘rsatadi - chegaralarni ochiq saqlashga va muloqot qilishga urinayotganlarmi yoki izolyatsiya va bo‘linishni xohlaydiganlar», deya qo‘shimcha qildi u va yana bir bor XOQ bajarishi kerak bo‘lgan «tinchlik missiyasi»ga ishora qildi. Shu bilan birga, Bax o‘z tashkiloti ukrainalik sportchilarning «qayg‘u va insoniy iztiroblari»ga sherik ekanini va ularga yordam berish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirayotganini ta’kidladi. Ularning «har qanday izohi» juda jiddiy qabul qilinadi», dedi u.

Yanvar oyi oxirida, Ukrainada davom etayotgan urushga qaramay, XOQ bunday istiqbol masalasini ko‘targanida, rossiyaliklar va belaruslarning xalqaro musobaqalarga qaytishi mumkinligi haqida yangi munozara boshlandi. XOQ tomonidan aytib o‘tilgan shartlardan biri sportchining o‘z davlati siyosatini so‘zsiz rad etishi edi. Bu holatda ular neytral bayroq ostida Parijdagi Olimpiadaga kiritilishi mumkin, dedi Tomas Bax. Ukraina XOQning bu tashabbusiga keskin munosabat bildirdi va bu holatda Parijdagi Olimpiada o‘yinlariga boykot qilinishini istisno qilmasligini aytdi.

10 fevral kuni Yevropa, Shimoliy Amerika, Sharqiy Osiyo va Okeaniyani ifodalovchi 35 davlatdan iborat guruh virtual sammit o‘tkazdi va unda ular Xalqaro olimpiya qo‘mitasining (XOQ) Rossiya va Belarus sportchilarining 2024 yil Parijdagi Yozgi Olimpiya o‘yinlarida neytral bayroq ostida, muayyan talablarga rioya qilgan holda qatnashishi mumkinligi haqidagi konsepsiyasini rad etishdi. Yaqin kunlarda qo‘shma deklaratsiya ishlab chiqilishi va e’lon qilinishi kerak. Uchrashuvni muvofiqlashtirgan Buyuk Britaniya madaniyat vaziri Lyusi Freyzer o‘z mamlakatining pozitsiyasini Twitter'da yozdi: «Putin o‘z vahshiy urushini davom ettirar ekan, Rossiya va Belarus Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etmasligi kerak».

Polsha sport vaziri Kamil Bortnichuk murosa tarafdori bo‘lib, «qochoqlar jamoasini yaratish»ni taklif qildi. «Neytral jamoa emas, balki qochqinlar jamoasi, unga mos ravishda Putin va Lukashenko rejimiga nisbatan dissident bo‘lgan ruslar va belaruslar kirishi mumkin», - dedi polshalik siyosatchi. Germaniya Ichki ishlar vazirligi «Rossiya va Belarus sportiga xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga qaytishni taklif qilish uchun asos yo‘qligini» aytdi. Rossiya sport vaziri Oleg Matitsin ushbu muhokamaga munosabat bildirar ekan, «sportchilarning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun shart-sharoitlarni belgilashga urinish» haqida e’lon qildi va bunday amaliyotni «mutlaqo nomaqbul» deb atadi.

Mavzuga oid