Jahon | 13:31 / 16.02.2023
26754
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda Alisher Navoiy yodgorligiga zarar yetkazildi

Afg‘onistonda buyuk shoir Alisher Navoiy yodgorligiga zarar yetkazildi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan Afg‘oniston tomonidan bog‘lanilganini ma’lum qildi.

Foto: Sputnik

O‘zbekiston Afg‘onistonda Alisher Navoiy haykaliga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlarni qayg‘u bilan qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, bu masala yuzasidan Afg‘oniston hukumati vakillari bilan bog‘lanilgan. Ularning aytishicha, ushbu vandalizm holati qardosh O‘zbekiston bilan ko‘p asrlik do‘stona munosabatlarni mustahkamlash tarafdori bo‘lgan hukumat rasmiy siyosatini aks ettirmaydi, noma’lum shaxslarning o‘zboshimchalik va o‘ylamasdan qilgan harakati natijasi bo‘lib, umumiy tarixiy va madaniy merosga zarar yetkazadi.

«Afg‘oniston hukumati vakillari yodgorliklarni tiklash va umumiy merosimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish choralarini ko‘rishini ma’lum qildilar», deyiladi TIV munosabatida.

Avvalroq Daryo.uz nashri Hasht-e Subh Daily’ga tayangan holda «Tolibon» harakati Afg‘onistonning Balx viloyatida o‘rnatilgan Alisher Navoiy yodgorligini buzib tashlagani to‘g‘risida ma’lumot bergandi.

Yodgorlik buzib tashlangani sababli Afg‘oniston milliy qarshilik ko‘rsatish kengashi «Tolibon» guruhi mamlakatning madaniy o‘ziga xosligi qarshi urush holatida ekanini aytdi. Kengash tarixiy ramzlarning olib tashlanishi va madaniy o‘ziga xoslik yodgorliklarining vayron qilinishi Afg‘onistonda etnik va tillararo ziddiyatni kuchaytirishini bildirdi.

9 fevral kuni mahalliy manbalar Balx viloyatida Alisher Navoiy haykali vayron qilingani haqida xabar bergan.

Mavzuga oid