Jahon | 09:13 / 21.02.2023
3775
2 daqiqa o‘qiladi

Eron uranni 84 foizgacha boyitganini rad etdi

Bloomberg agentligining xabar berishicha, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik inspektorlari Eronda 84 foiz boyitilgan uranni aniqlagan. Tehron buni «faktlarni buzib ko‘rsatish» deb atadi. Yevropa Ittifoqi AEXA hisobotini kutmoqda.

Foto: AFP

Eron mamlakatda uran boyitish darajasi 84 foizga yetgani haqidagi da’volarni rad etdi. Bunday xabarlar «faktlarni noto‘g‘ri ko‘rsatishdir», dedi 20 fevral, dushanba kuni Islom Respublikasi Atom energiyasi tashkiloti matbuot kotibi Behruz Kamolvandiy. Tehron haligacha uranni 60 foizdan ko‘proq boyitishga uringani yo‘q, deya xabar beradi IRNA Eron davlat axborot agentligi Kamolvandiyga tayangan holda.

Bloomberg agentligi nomi oshkor etilmagan diplomatlarga tayanib xabar berishicha, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA ) inspektorlari fevral oyi boshida Eronda yadroviy qurol yaratish uchun zarur bo‘lgan darajada boyitilgan uranni aniqlagan. AEXA Tehron uranni shu darajada ataylab boyitganmi yoki yo‘q, shuni aniqlashga harakat qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi 26 fevralgacha AEXAdan tegishli hisobotni oladi, dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel matbuot anjumanida. Agentlik Eron yadro dasturida nimalar sodir bo‘layotganini kuzatish uchun barcha texnik imkoniyatlarga ega, dedi Borrel. 

Bir kun avval Yevropa diplomatiyasi rahbari Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan bilan telefon suhbatida Tehronga Bryussel uran boyitish haqidagi xabarlardan xavotirda ekanini bildirgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid