O‘zbekiston | 16:33 / 24.02.2023
19433
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda yer qimirlashi to‘g‘risidagi xabarlar yolg‘on – viloyat hokimligi

Rasmiylar aholidan vahimaga berilmaslik, tasdiqlanmagan manbalarda tarqalayotgan xabarlarga ishonmaslikni so‘ragan.

Foto: KUN.UZ

24 fevral kuni Surxondaryo viloyatining ma’muriy markazi Termiz shahri hamda bir qator tuman va shaharlarda dahshatli zilzila sodir bo‘lishi kutilayotgani, shu sababli aholiga uy-joylariga kirmay turish tavsiya etilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Bu xabarlar qanchalik haqiqatga to‘g‘ri kelishi haqida tahririyatimizga ham qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Biroq muxbirlarimiz bilan suhbatlashgan aksariyat surxondaryoliklar bu xabar eng avval kimdan tarqalganini bilmasligi, faqatgina birovlardan eshitishganini ta’kidlashdi.

Ayrimlar bu haqda FVVdan ogohlantiruvchi sms kelganini aytgan bo‘lsa, boshqa birovlar bu haqda qarindoshining ishxonasiga borib ogohlantirishgani va hamma binodan tashqariga olib chiqilayotganini asos qilib keltirdi. Murojaatchilar orasida sobiq ittifoq davrida aholini turli favqulodda vaziyatlardan ogohlantiruvchi karnaylar orqali xabar berilganini ta’kidlaganlar ham bo‘ldi.

Surishtiruvlarimiz davomida surxondaryoliklar keltirgan vajlarning hech biri tasdig‘ini topmadi. FVVdagi manbalarimiz aholiga yer qimirlashi kutilayotgani haqida hech qanday sms-xabar ham yuborilmagani, shuningdek, xavfdan ogohlantiruvchi qurilmalar orqali bunday xabar tarqatilmaganini bildirishdi.

Holat yuzasidan rasman bayonot bergan Surxondaryo viloyat hokimligi aholi o‘rtasida tarqalayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

“Voha aholisi o‘rtasida ayrim tasdiqlanmagan va yolg‘on axborotlar sababli yer qimirlashi, zilzila sodir bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgan.

Hurmatli fuqarolarimizdan hech qanday vahimaga berilmasliklarini so‘ragan holda, viloyat hududida seysmik hodisalar, yer qimirlashi yoki zilzila sodir bo‘lishi haqida tarqalgan xabarlar mutlaqo asossiz va yolg‘on xabar ekanligini ma’lum qilamiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Viloyat hokimligi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida turli g‘araz niyatlarda aholi o‘rtasida yolg‘on xabar tarqatayotganlarga nisbatan javobgarlik belgilanganini eslatgan.

2022 yilning iyunida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida joylashgan To‘palang suv ombori to‘g‘oni yorilib ketgani va natijada atrofni suv bosgani haqida ham vahimali xabarlar tarqalgan, rasmiylar holat yuzasidan murojaat bilan chiqishga majbur bo‘lishgandi.

2020 yilda kechasi Buxoro viloyati hududida kuchli shamol yuz berishi ortidan Olot va Qorako‘l tumani aholisi o‘rtasida suv toshqini yuz berishi haqida mish-mishlar tarqalgan va odamlar o‘z turar joylarini tashlab qirliklarga chiqib ketgan, Suv xo‘jaligi vazirligi buni rad etgandi. Keyinchalik suv toshqini haqida uydirma tarqatib, vahima qo‘zg‘agan shaxslar ushlangandi.

Mavzuga oid