Jahon | 09:04 / 25.02.2023
6319
3 daqiqa o‘qiladi

Blinken: Rossiya o‘t ochish to‘xtatilishidan yangi hujum uchun foydalanadi

Rossiya noqonuniy egallab olingan hudud ustidan nazoratni mustahkamlash va keyingi hujumlar uchun o‘z kuchlarini qayta qurollantirish uchun harbiy harakatlar har qanday to‘xtatilishidan foydalanadi, dedi AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken.

Foto: AP

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi a’zolari Ukrainada «vaqtinchalik yoki sharsiz o‘t ochishni to‘xtatish» taklifi bilan chalg‘imasliklari kerak, chunki Rossiya bunday harakatdan kuchlarni qayta ta’minlash va yana hujum qilish uchun foydalanadi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 24 fevral, juma kuni BMT Xavfsizlik kengashining Ukraina bo‘yicha yig‘ilishida aytib o‘tdi.

«Xavfsizlik Kengashi vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish yoki oldindan shartlarsiz o‘t ochishni to‘xtatish chaqiriqlari bilan chalg‘imasligi kerak. Rossiya noqonuniy egallab olingan hudud ustidan nazoratni mustahkamlash va keyingi hujumlar uchun o‘z kuchlarini qayta qurollantirish uchun harbiy harakatlar to‘xtatib turilishidan foydalanadi», - dedi Blinken Xavfsizlik Kengashi «adolatli va mustahkam tinchlik»ni ta’minlashi kerakligini ta’kidlab.

Bunday «sulh» 2015 yilda sodir bo‘lgan, deb eslaydi Blinken: «Qarang, keyin nima bo‘ldi». Bir vaqtning o‘zida mamlakatlarning Ukraina va Rossiyaga harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqiriqlarini u «yolg‘on tenglashtirish» deb atadi. «Bu urushda tajovuzkor ham bor, qurbon ham bor. Rossiya bosqinchilik uchun kurashmoqda, Ukraina ozodlik uchun kurashmoqda. Agar Rossiya urushni to‘xtatsa, boshqa urush bo‘lmaydi. Ukraina urushni to‘xtatsa - Ukraina bo‘lmaydi», — deya xulosa qildi Blinken.

Blinken o‘z nutqida Xitoyni tilga olmadi, biroq jahon ommaviy axborot vositalari ta’kidlaganidek, uning so‘zlarini XXR taklif qilgan Ukraina uchun «Tinchlik rejasi»ga javob sifatida talqin qilish mumkin. Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 24 fevral kuni e’lon qilingan rejaning 12 bandi orasida «barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qilish», «sovuq urush mentalitetidan voz kechish», «harbiy harakatlarni to‘xtatish», «Moskva va Kiyev o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni qayta tiklash», shuningdek, «bir tomonlama sanksiyalarni bekor qilish» kabilar bor.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid