Jamiyat | 15:58 / 25.02.2023
19750
5 daqiqa o‘qiladi

Oramizdagi odamlar: jonsiz oyoq bilan oilasini boqayotgan kalitsoz

24 yoshida, bilagi ayni kuchga to‘lgan paytda baxtsiz hodisa tufayli yarim tanasi ishlamay qolgan Sherzod Jalolov 15 yildirki o‘zi erkin harakatlana olmaydi. Ammo u hayot sinovlarini ana shu «yarim» tanasi va butun sabri bilan yengib o‘ta oldi: hunar o‘rganib, oilasini boqyapti, ro‘zg‘origa daromad kiritmoqda.     

Sherzod Jalolov poytaxtning Mirobod tumanidagi Beshqo‘rg‘on savdo majmuasida kichkinagina «budka»da kalit yasaydi, pichoq charxlaydi. Uch farzandning otasi bo‘lgan qahramonimiz oyoqsiz mashina boshqarishni ham o‘rgangan, o‘qib haydovchilik guvohnomasi olgan. Hayotning og‘ir sinovlarini yengib o‘ta olgan Sherzod yana yurib ketish umidi bilan yashamoqda.  

«Baxtsiz hodisa tufayli yarim tanam ishlamay, uyda yotib qolgan paytlarim pochcham kalit yasashni o‘rgatdi. Ko‘p topmayman, juda kam ham emas. Ish bilan ozroq bo‘lsa ham kasalligimni unutaman, odamlar bilan gurunglashamiz. Bozordagilarning texnikalari buzilib qolsa, ularni ham sozlab beraman. Qimirlagan odam qayerda bo‘lsa ham rizqini terar ekan», — deydi kalitsoz.

Sherzod Jalolov tog‘ni ursa talqon qiladigan yoshda, 2008 yilda baxtsiz hodisaga uchragan. Oqibatda uning ko‘krak qismidan pasti ishlamay qolgan. Bolasining ikki yildan ortiq hatto o‘tira olmasdan, to‘shakda qimirlamay yotishini ko‘rish ota-onaga ham oson bo‘lmagan.

«4 yildan so‘ng suyab yurgich bilan tik turadigan bo‘ldim, lekin baribir yurolmasdim. Dadam uyga uzun qilib «brus» yasab berdi. O‘shanda yurishga harakat qilardim. Oyog‘im juda sudralib, oyoq kiyimim yirtilib, oyoqlarim qonab ketardi. Sezmasdim. Sog‘ligim sababli qishda qishloqda turolmasdim, shuning uchun ukamning uyiga kelardim. O‘zimda hali uy-joy yo‘q. Subsidiyaga ariza bergandim bir-ikki marta, ammo negadir chiqmadi.

Bir kuni shifoxonada men bilan birga davolanayotgan amaki mashina haydab keldi. Oyoqlari ishlamasdi, ko‘rib hayron qoldim. Avvallari mashina haydaganim uchun qiziqib so‘radim. Hammasini qo‘l boshqaruviga moslashtirgan ekan. Men ham o‘rganib oldim. Bir necha yil avval ikki ukam kelishib, sovuqda yurmasin deya «Matiz» olib berishdi. Shu mashina bilan ishimga borib-kelib yuribman hozir», — deydi usta o‘tgan kunlarini eslab. 

Sherzod Jalolovning ta’kidlashicha, u uylanishdan juda qo‘rqqan. Chunki shifoxonada yotib, ayrim o‘zi singari «yarim tana» insonlarga turmush o‘rtog‘i e’tiborsiz munosabatda qaraganiga guvoh bo‘lgan. «Ertaga mening ham ayolim kasalligimni yuzimga solarmikan, uni yaxshi ta’minlay olmasam ta’na qilarmikan», degan hadik o‘tardi uning ko‘nglidan. Ammo unday bo‘lmadi: o‘zi istagandek turmush o‘rtoqni uchratdi. Hozirda ularning uch farzandi bor, to‘rtinchisini kutishyapti.

«Ammo hali uy-joyimiz yo‘q — eng o‘ylantiradigani shu. Otadan keyin ham bolalarning o‘z uyi bo‘lsa, o‘z uyida unib-o‘ssa deyman. Ukalarim doim qo‘llab kelgan, ajratmaydi. Lekin ularning ham farzandi katta bo‘ladi bir kun. Alohida uy boshqacha baribir.

Umidlanib, shifokorlardan davosi bormi, deb so‘rayman. Bu yerda bo‘lmaydi, chet elda katta mablag‘ evaziga bo‘ladi, deyishadi. 20 ming dollardan ko‘proq aytishgandi, uncha pulim yo‘qligi uchun indamay qo‘ygandim. Lekin yurib ketsa bo‘larkan. Birdan bir orzum — yurib ketish. Uyga kirib borganimda farzandlarim qo‘l cho‘zsa ko‘tarolmayman, shunisi alam qiladi. O‘z uyimga tik oyoqda kirib borib, oilam bilan baxtli yashasam, deb niyat qilaman doim», — deydi kalitsoz.

Shifokorlar Sherzod Jalolovga orqa miya lat yeyishi – paraparez tashxisini qo‘yishgan. U hozir ham vaqti-vaqti bilan davolanib turadi. Qo‘liga «suyanib qolgan» yigit o‘zi erkin yurib ketishni umid qilib yashamoqda.

Ushbu hamyurtimizga yordam bermoqchi bo‘lganlar uchun karta ma’lumotlari:

UZCARD: 8600 0610 4357 4051 Sherzod Jalolov nomida.

Maqsuda Abduqayumova.

Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido.   

Mavzuga oid