Iqtisodiyot | 18:20 / 01.03.2023
37929
2 daqiqa o‘qiladi

“Turkistonbank” bankrot deb topildi

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi qarori bilan “Turkistonbank” bankrot deb topildi. Bankni tugatish komissiyasi ham o‘z faoliyatini yakunladi.

Foto: Turkistonbank

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 15 fevraldagi qarori bilan “Turkistonbank” bankrot deb topildi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar bermoqda.

“2023 yil 15 fevraldagi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining “Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat bankini bankrot deb topish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori va Markaziy bank boshqaruvining tegishli qaroriga asosan “Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat bankini tugatish komissiyasi o‘z faoliyatini tugatganligi hamda sud tomonidan A.Keldiyev tugatish boshqaruvchisi etib tayinlanganligi ma’lum qilinadi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lumot uchun, 2022 yilning oktabr oyida Markaziy bankning tegishli qarori bilan “Turkistonbank” va “Hi-tech bank”dan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar olib qo‘yilgandi va banklarni tugatish komissiyasi tarkibi tayinlangandi. Ikkala bank tomonidan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 54- va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etilgani bunga sabab sifatida keltirilgan.

Lisenziyalari bekor qilingach “Turkistonbank"ning 368 mlrd so‘m atrofida, “Hi-tech bank”ning esa taxminan 5 mlrd so‘m aholidan qarzdorligi davlat hisobidan qaytarilgan. 

Mavzuga oid