Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
TikTok tanqidchilari nimadan xavfsiramoqda va ularning xavotiri qanchalik asosli?
Xitoy AQSh hukumatini go‘yoki TikTok’ning milliy xavfsizlikka tahdid solayotganini bo‘rttirib ko‘rsatayotganlikda aybladi. Bundan tashqari, rasmiy Pekinning fikricha, bu Xitoy kompaniyasini bozordan siqib chiqarish uchun ataylab qilinmoqda.
AQShning barcha davlat muassasalari xodimlariga bir oy ichida TikTok qaysi qurilmalarda o‘rnatilgan bo‘lsa, barchasidan o‘chirib tashlash buyurildi, chunki ilova foydalanuvchi ma’lumotlarini himoya qilish nuqtayi nazaridan xavfli bo‘lishi mumkin.
Kanada va Yevropa Ittifoqi davlatlari hukumatlari ham AQShdan o‘rnak olishga qaror qildi va barcha davlat xizmatchilariga TikTok’ni o‘chirib tashlash to‘g‘risida buyruq berdi. Biroq, G‘arbdagi ba’zi siyosatchilar bu qadamni yetarli emas deb hisoblamoqda. Ular bundan ham jiddiyroq qadam tashlash hamda ilovani davlat darajasida rasman taqiqlashga chaqirmoqda.
Xitoy diplomatlari bunga javoban faqat yelka qisib, aybsizlik prezumpsiyasini eslatyapti.
«Yevropa Ittifoqi bozor qoidalarni hurmat qilishi va milliy xavfsizlik masalalarini bunday keng va umumlashtirilgan tarzda talqin qilishni to‘xtatishi kerak», degan Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Nin.
Nin o‘z navbatida javob ayblovini ham ilgari surgan. Uning aytishicha, Bryusseldagilarning so‘zlari ko‘pincha qilayotgan ishlariga mos kelmaydi.
«Yevropa Ittifoqi o‘zini dunyodagi eng ochiq bozor sifatida e’tirof etadi. Ammo yaqin o‘tmishda bu yerda xorijiy kompaniyalarga nisbatan cheklov choralari bir necha bor kiritilgan va bunday asossiz zulm aynan milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan izohlangan», deya Yevropa ittifoqini tanqid qilgan xitoylik diplomat.
Mao Ninning ta’kidlashicha, «milliy xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida xorijiy kompaniyalarning harakatlariga doimiy cheklovlar kiritish» faqatgina investorlar ishonchiga putur yetkazadi va jahon hamjamiyatida bunday davlatlardagi biznes muhiti bo‘yicha savollar tug‘diradi.
2020 yilda kompaniya AQShda taqiqqa uchrashiga sal qoldi, bu bilan shaxsan o‘sha paytdagi prezident Donald Tramp shug‘ullana boshlagandi. TikTok rahbariyati har kuni ilova o‘z foydalanuvchilariga kiberxavfsizlik nuqtayi nazaridan xavf tug‘dirishi bo‘yicha yuzlab savollarga javob berishiga to‘g‘ri keldi.
Voqealar rivojlanib, TikTok atrofidagi jamoatchilik muhokamasi ko‘plab sud jarayonlariga ulanib ketdi. Biroq Tramp prezidentlikdan ketgach, uning o‘rniga kelgan Jo Bayden sobiq prezidentning bu boradagi tashabbusini davom ettirmadi.
Va mana hozir, oradan deyarli uch yil o‘tib, tarix yana takrorlanayotgandek — faqat bu safar undagi maqsadlar kattaroq.
Uch yil avval ushbu ilovadan butun dunyo bo‘ylab jami 800 millionga yaqin odam foydalangan. O‘shandan beri TikTok’ni yuklab olgan foydalanuvchilar soni keskin o‘sib bordi va bugungi kunda ular taxminan 3,5 milliardni tashkil etadi.
Xitoy va G‘arb davlatlari o‘rtasida kuchayib borayotgan geosiyosiy ziddiyatlar hisobga olinsa, TikTok’ning uzoq muddatli rivojlanish istiqbollari nihoyatda noaniq.
Xitoy kompaniyasiga kiberxavfsizlik borasida taqdim etilgan uchta shikoyat nima va kompaniya rahbariyati ularga qanday javob beradi?
1. TikTok foydalanuvchilar haqida «juda ko‘p ma’lumot» to‘playdi
TikTok tanqidchilari ko‘pincha ilovani o‘z foydalanuvchilari haqida haddan tashqari ko‘p ma’lumot to‘plashda ayblaydi. Ushbu da’voning isboti sifatida ular odatda Avstraliyaning Internet 2.0 kompaniyasining 2022 yil iyul oyida e’lon qilingan va onlayn xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan hisobotiga murojaat qiladi.
Ilovaning asosiy kodini o‘rganib chiqqandan so‘ng, Internet 2.0 mutaxassislari TikTok o‘z foydalanuvchilari haqida «ortiqcha ma’lumot to‘plash» bilan shug‘ullanadi degan xulosaga kelgan. Masalan, foydalanuvchi aynan qayerda joylashgani, qaysi qurilmadan tarmoqqa kirishi va ushbu qurilmada boshqa yana qanday ilovalar o‘rnatilgani kabi.
Biroq Citizen Lab kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan shunga o‘xshash tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, «TikTok o‘z foydalanuvchilarining xatti-harakatlarini kuzatish uchun boshqa mashhur ijtimoiy media platformalarinikiga o‘xshash turdagi ma’lumotlarni to‘playdi».
2023 yilning yanvar oyida Jorjiya texnologiya instituti tadqiqotchilari guruhi ham yuqoridagi kabi xulosaga keldi: «Asosiy fakt shuki, boshqa ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalarning aksariyati aynan shu ishni (ma’lumotlar to‘plash) amalga oshiradi».
TikTok kompaniyasining axborot xizmati vakili BBC nashri jurnalistini foydalanuvchi ma’lumotlarini yig‘ish ijtimoiy tarmoq sanoati amaliyotiga muvofiq ekaniga ishontirgan.
2. Xitoy hukumati TikTok yordamida ma’lum bir foydalanuvchini kuzatishi mumkin
TikTok kompaniyasi vakili BBC nashriga kompaniya butunlay mustaqil ekani hamda «Xitoy hukumatiga hech qanday ma’lumotlar bermagani va agar so‘ralgan taqdirda ham, bermasligi»ni ma’lum qilgan.
Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarning doimiy ogohlantirishlariga qaramay, ko‘pchiligimiz shaxsiy ma’lumotlarning oshkor etilishiga ko‘nikib qoldik. Bu biz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishimiz uchun muqarrar ravishda to‘lovchi badaldir.
Ijtimoiy tarmoq kompaniyalari o‘z xizmatlarini bepul taqdim etish evaziga o‘z foydalanuvchilari haqida ma’lumot to‘playdi, bu tarmoqqa foydalanuvchiga ko‘rsatiladigan reklamalarni aniqroq tanlash imkonini beradi (bu reklamalarning samaradorligini sezilarli darajada oshiradi).
Yana bir variant ham bor – to‘plangan foydalanuvchi ma’lumotlari ularga qiziqqan boshqa kompaniyalarga sotiladi (ular ham bu ma’lumotlardan xuddi shu maqsadda foydalanadi).
Gap shundaki, TikTok – boshqa mashhur ilovalardan farqli o‘laroq, Xitoyning ByteDance internet gigantiga tegishli. Xuddi shu turdagi tarmoqlar: Facebook, Instagram, Snapchat, YouTube va boshqa media platformalar ham biz haqimizda TikTok’dan kam ma’lumot to‘plamaydi, ammo ularning barchasi AQShda joylashgan.
Shuning uchun ham bir necha yildan beri AQSh qonunchilari va ularga ergashadigan deyarli butun dunyo bu kompaniyalar tomonidan to‘plangan ma’lumotlar AQSh milliy xavfsizligiga tahdid solish uchun ishlatilmaydi deya ishonib kelmoqda.
2020 yilda Donald Tramp imzolagan farmonda aytilishicha, TikTok ilovasi tomonidan to‘plangan ma’lumotlar, nazariy jihatdan, Xitoy hukumatiga «federal hukumat idoralari xodimlari va pudratchilarining harakatlarini kuzatish, keyinchalik shantaj qilish uchun ularga nisbatan murosasiz dalillar to‘plash va sanoat josusligi bilan shug‘ullanish» imkonini beradi.
Bugungi kunda, bu tahdid faqatgina nazariy xususiyatga ega. Har holda, ochiq manbalarda bunday holatlar haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Biroq, bu borada jiddiy xavotir paydo bo‘lishiga sabab Xitoyda 2017 yilda qabul qilingan qonun bo‘lib, uning matni juda noaniq va yuristlar tomonidan maqsadga qarab turlicha talqin qilinishi mumkin.
Xitoy Milliy razvedka to‘g‘risidagi qonunning 7-moddasi mamlakatning barcha fuqarolari va uning hududida faoliyat yuritayotgan barcha tashkilotlarga Xitoy razvedkasining ular bilan bog‘langan har qanday vakiliga «yordam berish, qo‘llab-quvvatlash va u bilan hamkorlik qilish» majburiyatini yuklaydi.
Bu moddani, nafaqat TikTok’ka, balki butun Xitoy kompaniyalariga shubha bilan qaraydigan odamlar tez-tez esga oladi.
Biroq, Jorjiya Texnologiya instituti tadqiqotchilari bu gap umumiy kontekstdan yulib olinganini ta’kidlab, qonunda foydalanuvchilar va xususiy kompaniyalarning huquqlarini himoya qiluvchi bandlar ham borligini aytgan.
2020 yildan beri TikTok rahbariyati o‘z auditoriyasini kompaniyaning xitoylik xodimlari Xitoydan tashqarida joylashgan foydalanuvchilarning ma’lumotlariga kirish imkoniga ega emasligiga va hatto bunday ruxsatga ega bo‘la olmasligiga bir necha bor ishontirishga urinib ko‘rdi.
Biroq, 2022 yil dekabr oyida ByteDance matbuot xizmati kompaniyaning Pekindagi bir necha xodimlari kamida ikkita amerikalik jurnalist, shuningdek, «ma’lum miqdordagi» boshqa odamlarning ma’lumotlariga kirish imkoniga ega ekanini tan oldi. Ushbu ma’lumotlar orqali ularning harakatlari kuzatildi. Ya’ni ular (jurnalistlar) ommaviy axborot vositalariga ma’lumot tarqatishda gumon qilinayotgan TikTok xodimlari bilan uchrashgani yoki yo‘qligi tekshiriladi.
TikTok matbuot kotibi ushbu ma’lumotlarga kirish huquqiga ega bo‘lgan xodimlar kompaniyadan ishdan bo‘shatilganini ta’kidlagan.
TikTok ma’muriyati foydalanuvchilar ma’lumotlariga ega jismoniy serverlar AQSh va Singapurda joylashganini va hech qachon Xitoyda bo‘lmaganini aytmoqda.
Kompaniya rahbariyati hozirda boshqa mamlakatlarda ham server omborlarini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan. Masalan, 2024 yildan Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqidan kelayotgan barcha trafik to‘liq Irlandiyada saqlanishi va qayta ishlanishi rejalashtirilgan.
3. TikTok yordamida «miyani yuvish» mumkin
«Jamiyatimiz tamoyillarimizni ifodalovchi hujjat jamiyatimizning o‘ziga yoki keng jamoatchilikka zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri ma’lumotni tarqatishni mutlaq taqiqlaydi. Boshqa narsalar qatorida, muvofiqlashtirilgan nosamimiy xatti-harakatlar (ijtimoiy tarmoqlardagi pulli trollar faoliyati shu ibora bilan belgilangan) ham taqiqlanadi», deydi TikTok vakillari.
«Xitoy hukumati ... ta’sir qilish operatsiyalarini o‘tkazish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan tavsiyalar (ijtimoiy tarmoqdagi videolar lentasi, «rekomendatsiya») algoritmini boshqarishi mumkin» (ya’ni, ilova ma’lum bir mavzu bo‘yicha foydalanuvchilarning fikriga ta’sir o‘tkazishga qodir)», degan edi 2022 yil noyabr oyida AQSh Federal qidiruv byurosi direktori Kristofer Rey amerikalik qonunchilarga.
Bu gumonlarni TikTok bosh kompaniyasining faqat Xitoyda yuklab olish mumkin bo‘lgan, Douyin deb nomlangan boshqa ilovasi qattiq senzuraga uchragani va Xitoy hukumati uchun foydali bo‘lgan ta’lim kurslari va boshqa materiallarni targ‘ib qilish uchun optimallashtirilgani yanada kuchaytirmoqda.
Xitoydagi barcha ijtimoiy tarmoqlar senzorlarning butun bir armiyasi tomonidan qattiq nazorat qilinadi. Ular hokimiyatni tanqid qilishi yoki siyosiy norozilikni oshirishi mumkin bo‘lgan har qanday kontentni o‘chirib tashlaydi.
TikTok jahon bozoriga kirib kelganidan beri platformada yuqori darajadagi senzura holatlari aniqlanishi oqibatida bir necha bor mojaro markazida qoldi. Eng mashhur misollardan biri Pekinning Shinjondagi musulmonlarga nisbatan munosabatini muhokama qilgani uchun AQSh foydalanuvchisi akkaunti bloklanishi bo‘ldi.
Jamiyatda ko‘tarilayotgan norozilik to‘lqini fonida TikTok rahbariyati foydalanuvchilardan uzr so‘radi va amerikalik foydalanuvchining bloklangan akkauntga kirish huquqini tikladi.
O‘shandan beri yana bir nechta senzura holatlari ma’lum bo‘ldi. Va bu moderatorlar jamoasining bahsli qarorlari emas edi (internetda ishlaydigan barcha media platformalar bu muammoga duch keladi).
TikTok va Douyin’ni taqqoslagan Citizen Lab ekspertlari Douyin’da keng tarqalgan siyosiy senzurani TikTok’da topib bo‘lmaydi degan xulosaga kelgan.
«Ushbu platformada postlar uchun aniq senzura belgilari yo‘q», deya ishontirgan tadqiqotchilar.
Jorjiya texnologiya instituti tahlilchilari TikTok’da «Tayvan mustaqilligi» yoki Xitoy raisi Si Jinping haqidagi turli kinoyali gaplar yordamida videolarni qidirgan va «ushbu toifadagi videolarni TikTok’da osongina topish mumkin va ularning aksariyati mashhur hamda keng tarqalgan» degan xulosaga kelgan.
Nazariy xavf
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, umuman olganda, bildirilgan xavflar yetarlicha asossiz: bugungi kunda har qanday tahdidlar nazariy va real dalillarga ega emas.
Tanqidchilarning ta’kidlashicha, TikTok Troya otiga o‘xshaydi: faqat zararsiz ko‘rinadi, lekin aslida u kuchli qurol bo‘lishi mumkin, masalan, mojaro paytida.
Ilova Hindistonda allaqachon taqiqlangan. Dehli 2020 yilda nafaqat TikTok , balki Xitoyning boshqa o‘nlab platformalariga qarshi ham cheklovchi choralarni joriy qilgandi.
Biroq, AQShda TikTok’ni taqiqlash platforma uchun halokatli bo‘lishi mumkin, chunki Vashingtonning ittifoqchilari ko‘pincha bunday qarorlarga qo‘shiladi.
Bu AQSh, xuddi shunday nazariy xavfdan kelib chiqib, Xitoyning Huawei telekommunikatsiya gigantining mamlakatga 5G infratuzilmasini joylashtirishini bloklashga qaror qilganida yaqqol aniq bo‘ldi. Vashingtonning ittifoqchilari AQSh ortidan xuddi shunday qarorlar qabul qildi.
Ammo shuni ta’kidlash kerakki, yuqorida aytilgan barcha xavflar faqat AQSh tomonida mavjud. Xitoy AQSh ilovalari haqida o‘ylashi shart emas: Xitoy fuqarolariga AQSh tarmoqlariga kirish bir necha yildan beri taqiqlangan.
Mavzuga oid
08:51 / 04.06.2026
Kuvayt aeroportida Eronning dron zarbasi oqibatida 1 kishi vafot edi, o‘nlab insonlar jarohatlandi
11:00 / 28.05.2025
AQSh dunyo bo‘ylab xorijiy talabalar uchun viza suhbatlarini to‘xtatmoqda
09:03 / 28.05.2025
WSJ: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqida o‘ylayapti
22:46 / 27.05.2025