Jahon | 23:26 / 08.03.2023
13402
2 daqiqa o‘qiladi

Tbilisidagi mitingda muxolifat ikkita shart qo‘ydi 

Gurjiston poytaxtida «xorijiy agentlar» haqidagi qonunga qarshi ikki kundan beri norozilik namoyishi o‘tkazilmoqda. 

Foto: Nini Gabritchidze

Tbilisidagi parlament binosi oldida 10 mingga yaqin odam to‘plandi, deb xabar berdi Paper Kartuli. Bu «Xorijiy agentlar» qonuniga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarining ikkinchi kuni. Muxbirning xabar berishicha, namoyishchilar olomoni to‘rt kvartalga cho‘zilgan, Rustaveli shoh ko‘chasi to‘sib qo‘yilgan. 

Batumi shahrida ham norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Xabarga ko‘ra, mingga yaqin kishi universitet binosi yonida to‘plangan, ularning aksariyati talabalar. 

7 mart kuni Gurjiston parlamenti «xorijiy agentlar» haqidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bundan norozi bo‘lgan odamlar kechqurun bino yaqinida to‘plandi. Yakunda namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashdi. Kuchishlatar tuzilma vakillari olomonga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlarni ishlatdi. So‘ngra 66 nafar namoyishchi hibsga olingan edi. 

8 mart kuni o‘tkazilgan namoyishda muxolifat vakili Georgiy Vashadze hukumatga ikkita shart qo‘ydi. 

«Rossiya» qonuni («Xorijiy agentlar» haqidagi qonun nazarda tutilmoqda) zudlik bilan parlamentdan qaytarib olinishi va kecha qo‘lga olinganlar ozod etilishi shart», dedi u. Mamlakat rahbariyatiga 1 soat vaqt beramiz, aks holda «boshqa choralarni ko‘ramiz», deb qo‘shimcha qildi u. 

Mavzuga oid