Jahon | 23:44 / 13.03.2023
8441
2 daqiqa o‘qiladi

Eron hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgan 22 ming kishini afv etdi 

Bu Ramazon oyi boshlanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

Foto: WANA / REUTERS

Eron sudi hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgan 22 ming kishini afv etdi. Bu haqda sud tizimi rahbari G‘ulomhusayn Muhsin-Ajoiy ma’lum qildi, deb yozdi IRNA Eron davlat axborot agentligi. 

Fevral oyi boshida Eron hukumati oliy rahbar Ali Xomanaiy «o‘n minglab» mahbuslarni, jumladan, namoyishlar chog‘ida hibsga olinganlarning bir qismini afv etgani haqida xabar bergan edi. 

«Hozirgacha 82 ming kishi, jumladan, namoyishlarda qatnashgan 22 ming kishi avf etildi», dedi Ajoiy. 

Eron bo‘yicha mutaxassis Maksim Alonsev so‘zlariga ko‘ra, diniy bayramlar munosabati bilan amnistiya Eronda tez-tez yuz beradi. Bu safargisi ehtimol Ramazon oyi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

Eronda ommaviy norozilik namoyishlari 2022 yilning sentabr oyida Tehronda 22 yoshli Mahsa Aminiy o‘limidan keyin boshlanib ketdi. U ro‘molni noto‘g‘ri o‘raganlikda ayblanib, politsiya tomonidan hibsga olinganidan keyin shifoxonada vafot etdi. Aminiy hibsxonada kaltaklangani aytildi, biroq politsiya buni rad etdi.

Shundan so‘ng, mamlakatning bir necha shaharlarida ommaviy noroziliklar yuz berdi. Politsiya va namoyishchilar to‘qnashdi. Minglab odamlar hibsga olingan edi. 

Mavzuga oid