Jahon | 11:07 / 13.03.2023
10089
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Saakashvilining ichki organlari ishdan chiqishi mumkin

Saakashvilining so‘zlariga ko‘ra, uning suyaklari chirib bormoqda. Keyinchalik vazn tashlash jarayoni davom etsa, shifokorlar bir nechta organlar faoliyatining buzilishini taxmin qilyapti.

Mixail Saakashvili / Foto: Reuters

Hozirda qamoqxonadan ko‘chirilgan va shifoxonada yotgan Gurjiston sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining ahvoli o‘ta og‘ir. Shifokorlar so‘zlariga ko‘ra, siyosatchining bir nechta ichki organlari faoliyati ishdan chiqishi mumkin. Bu haqda 12 mart, yakshanba kuni Britaniyaning Sky News telekanali xabar berdi, uning jurnalistlari Saakashviliga advokat orqali bir qancha savollar berib, ularga yozma javob oldi.

Sog‘lig‘ining holatini sharhlar ekan, Gurjiston sobiq prezidenti uning vazni deyarli ikki baravar kamayganini aytgan: 120 kilogrammdan 64 kilogrammgacha. «Agar mening vaznim 60 kgdan kam bo‘lsa, shifokorlar bir nechta ichki organlar faoliyati ishdan chiqishi mumkinligini taxmin qilyapti», deb yozgan u notekis qo‘l yozuvida. Telekanal saytida siyosatchining izohi aks etgan surat chop etildi. 

Saakashvilining so‘zlariga ko‘ra, u butun vaqtini joyida yotish bilan o‘tkazyapti. «Mening suyaklarim chirimoqda va bu juda og‘riqli», deya qo‘shimcha qiladi u. 

Siyosatchining advokati Shalva Xachapuridze britaniyalik jurnalistlarga mijozining ahvoli kundan-kunga yomonlashib borayotganini tasdiqladi. «Bu dahshatli manzara. U fashistlar Germaniyasidagi konslager asiriga o‘xshaydi», - deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan telekanal. 

Gurjistonda mart oyi boshidagi namoyishlar ishtirokchilari nima qilishlari kerak degan savolga Saakashvili shunday yozadi: «Juda hushyor bo‘ling, oligarxlar rejimining qasoskor kayfiyati tufayli imkon qadar tezroq safarbarlikka tayyor bo‘ling». 

Gurjistonda Mixail Saakashviliga qarshi beshta jinoiy ish ochildi. U 2021 yil sentabrida, saylovdan biroz oldin yashirincha vataniga qaytdi. Bir necha kundan keyin politsiya va razvedka idoralari siyosatchini topishga muvaffaq bo‘ldi. U Tbilisida hibsga olingan. 

2021 yil oktyabr oyida Mixail Saakashvili qamoqxonada 50 kun davomida ochlik e’lon qildi va reabilitatsiya uchun Goridagi harbiy gospitalga o‘tkazilgandan keyingina uni to‘xtatdi. Biroq, 2022 yil fevralida qamoqxonaga qaytgan siyosatchi yana 20 kun davom etgan ochlik e’lon qildi. 

May oyidan beri u sog‘lig‘i yomonlashgani sababli qamoqdan ko‘chirilgan va Tbilisi chekkasidagi xususiy klinikada alohida xonada saqlanmoqda. Gurjiston poytaxtida Mixail Saakashvilini ozod etish talabi bilan bir necha norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. 

2023 yil fevralida Tbilisi sudi sobiq prezidentni sog‘lig‘i holatiga qaramay, ozodlikka chiqarishni rad etdi. Boshqalar qatorida Yevroparlament va Gurjiston sobiq prezidenti fuqarosi bo‘lgan Ukraina hukumati Saakashvilini ozod qilishga chaqirmoqda. 

Mavzuga oid