O‘zbekiston | 17:48 / 14.03.2023
14467
3 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi kurashishda “qoniqarsiz” ishlagan davlat idoralari ochiqlandi

62ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi baholandi. Reyting natijasiga ko‘ra, Surxondaryo va Andijon viloyatlari hokimligi hamda Suv xo‘jaligi va Energetika vazirliklarining bu yo‘nalishdagi faoliyati eng “qoniqarsiz” deb topilgan. 62ta idoraning atigi 12tasi “yaxshi” ko‘rsatkichni qayd etgan.

Foto: RBK

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi reytingini e’lon qildi.

Baholash natijalariga ko‘ra, 62ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 12ta tashkilot faoliyati samaradorligi “yaxshi” – (81-100 ball), 30 ta tashkilot “qoniqarli” – (55-80 ball) va 20ta tashkilot “qoniqarsiz” – (55 balldan past) toifalarga ajratilgan.

“Tahlil natijalari davlat tashkilotlari faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Jumladan, Surxondaryo viloyati hokimligi (11 ball), Suv xo‘jaligi vazirligi (13 ball), Andijon viloyat hokimligi (18 ball) va Energetika vazirligida (21 ball) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samarali joriy etilmagan”, - deyiladi Aksilkorrupsiya agentligi xabarida.

Baholash natijalariga ko‘ra, “qoniqarli” deb topilgan davlat tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ayrim masalalarga e’tiborsizlik bilan qarash, shu jumladan, belgilangan tadbirlar ijrosini nazorat qilish sohasida kamchiliklar mavjudligi kuzatilgan. Shu bilan birga, ushbu idoralarda korrupsiyaga qarshi belgilangan talablarning doimiy ravishda bajarilishini nazorat qilish bo‘yicha samarali tizim yaratilmagan.

12ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati samaradorligi “yaxshi” deb baholandi. Mazkur tashkilotlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan.

Baholash yakunlari bo‘yicha:

  • “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi;
  • “qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi;
  • “qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishlarida eshitib boriladi.

Mavzuga oid