O‘zbekiston | 14:38 / 21.03.2023
30765
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: Shavkat Mirziyoyev Navro‘z bayramida ishtirok etdi

Prezident milliy madaniyat markazlari va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalarini kuzatdi. Bayramga kelganlar bilan suhbatlashib, ularni tabrikladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

21 mart kuni «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida Navro‘z shodiyonasi bo‘lib o‘tdi. Bog‘ hududida Navro‘z bilan bog‘liq an’analar namoyishi, milliy madaniy markazlar ko‘rgazmalari tashkil etilgan.

Bayram tadbiriga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, xalqimizni samimiy tabrikladi.

«Bugun bepoyon vatanimizning voha va vodiylari, shahar va qishloqlari, bog‘ va maydonlarida el-yurtimiz katta shodu xurramlik bilan Navro‘z sayillarini o‘tkazmoqda. Qalblarimiz quvonchga to‘lib turgan ushbu dilbar lahzalarda keksayu yosh jamiki yurtdoshlarimizni chin dildan qutlab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, Navro‘z – sharqona yangi yil, tabiatning yangilanish pallasi. Bu falsafa va qadriyatlar Yangi O‘zbekiston g‘oyasi bilan uyg‘undek go‘yo. Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning haq-huquqlarini amalda ta’minlash, barcha shahar va tumanlar aholisi uchun munosib sharoit yaratish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar har tomonlama rivojlantirilmoqda, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sportga katta e’tibor qaratilmoqda.

«Hayotimizni yanada go‘zal va obod qilishda biz mo‘tabar otaxon va onaxonlarimizdan, ularning dono maslahatlari va duoyi fotihalaridan kuch-quvvat olamiz. Milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida mardona mehnat qilayotgan hurmatli aka-ukalarimiz, aziz opa-singillarimizga – butun xalqimizga ishonamiz va tayanamiz», – dedi prezident.

Davlat rahbari vatan ravnaqi yo‘lida munosib xizmat qilayotgan barchaga tashakkur izhor etdi. Kelgusi oyda o‘tadigan muhim siyosiy tadbirda fuqarolar yuksak siyosiy tafakkur va madaniyatini namoyon etishiga ishonch bildirdi.

Dehqon va fermerlar, sportchilar, yoshlarning yutuqlari yodga olindi.

Xalqimizga xos savobli amallarni faqat Navro‘z ayyomida emas, balki har kuni ado etish lozimligi ta’kidlandi.

«Bugun biz barpo etayotgan ijtimoiy va xalqparvar davlatda mehr-shafqat, saxovat va himmat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik hayotimiz qoidasiga aylanishi zarur. Toki azaldan “odamiylik diyori” deb shuhrat qozongan vatanimizda har bir inson xalqimiz va davlatimizning mehri va e’tiborini to‘la his qilib yashasin», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Prezident yurtimiz musulmonlarini, butun islom ummatini yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyi bilan ham muborakbod etdi.

Xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillari, ularning mamlakatlari va xalqlariga ham ezgu tilaklar yo‘llandi.

Bayram katta konsert dasturi bilan davom etdi. Folklor-etnografik jamoalar va san’atkorlarning chiqishlari, milliy o‘yin va askiyalar barchaga zavq-shavq ulashdi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, parlament va hukumat a’zolari, turli hududlardan mehmonlar, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Tantanadan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy madaniyat markazlari va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalarini kuzatdi.

Bayramga kelgan odamlar bilan suhbatlashib, ularni tabrikladi.

Mavzuga oid