Jamiyat | 08:07 / 21.03.2023
29926
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: jizzaxlik ikki vaynerning qamalishi g‘ayriqonuniy deb topildi

YPX inspektorlari formasiga o‘xshash ust-boshdan foydalanib vayn tayyorlagan ikki fuqaro 15 va 10 sutkalarga qamalgandi. Prokuraturaning protestidan so‘ng ular aybsiz deb topildi.

Kun.uz jizzaxlik ikki vaynerning tayyorlagan hajviy videosi uchun huquqbuzar deb topilgani va qamoqqa olinishi g‘ayriqonuniy ekani haqida material tayyorlagandi

Ushbu holat va sud qarori Jizzax viloyati G‘allaorol tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilgan

O‘rganishlar jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tuman sudining shu yil 13 martdagi qarori noqonuniy bo‘lganligini ko‘rsatgan. 

Shunga ko‘ra G‘allaorol tuman prokuraturasi tomonidan uni bekor qilish yuzasidan apellyatsiya tartibida protest keltirildi.

Protestga asosan ma’muriy ish 18 mart kuni  Jizzax viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib,  vaynerlarning harakatlarida huquqbuzarlik alomatlari mavjud emas deb topilgan hamda ular sud zalidan qamoqdan chiqarilgan.

Kun.uz tahlilida vaynerlarga qo‘yilgan ayblovlar asossiz ekani, ular MJtKning har ikkala moddasi bo‘yicha ham aybsizligi aytilgandi.

Mavzuga oid