Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Moldovada davlat tili nomi rumin tiliga o‘zgartirildi
Moldova konstitutsiyasi, qonunlari va qonunosti hujjatlaridagi «moldova tili» iborasi «rumin tili» bilan almashtiriladi.
Moldova prezidenti Mayya Sandu 23 mart, chorshanba kuni mamlakat konstitutsiyasidagi davlat tili nomini «moldova tili»dan «rumin tili»ga o‘zgartirish haqidagi farmonni imzoladi. Konstitutsiyada, barcha qonunlarda va qonunosti hujjatlarida matnlar almashtiriladi. Avvalroq bu qaror Moldova parlamenti tomonidan tasdiqlangan edi.
Sandu o‘zining Facebook'dagi sahifasida «dunyo bo‘ylab 27 milliondan ortiq odam bilan bir qatorda moldovaliklar Yevropa Ittifoqining rasmiy tillaridan biri bo‘lgan rumin tilida gaplashishini» yozdi. «Bizga Moldova Respublikasi fuqarolari, rumin tilida emas, «moldova» tilida gaplashamiz, deb bir necha o‘n yillar davomida aytib kelayotganlar faqat bitta maqsadni ko‘zlaganlar: bizni bo‘lib tashlash», — dedi prezident.
Moldova tilining alohida til yoki rumin tilining boshqa nomi ekanligi haqidagi bahslar mamlakatda mustaqillikka erishilgandan beri to‘xtamagan. 2013 yilda Moldova Konstitutsiyaviy sudi rumin tilini mamlakatning davlat tili deb tan oldi. Endi kiritilgan o‘zgartirishlar Moldova qonunchiligini Konstitutsiyaviy sudning majburiy bo‘lgan, ammo ijro etilmagan ushbu qaroriga muvofiqlashtiradi.