O‘zbekiston | 11:04 / 25.03.2023
14743
2 daqiqa o‘qiladi

Saida Mirziyoyeva Oq uyda Jo Baydenning yordamchisi bilan uchrashdi

Prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva Oq uyda Jo Baydenning yordamchisi va AQSh prezidenti administratsiyasining gender siyosati bo‘yicha Kengashi direktori Jyennifer Klyayn bilan uchrashdi.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuv davomida O‘zbekistonda prezident rahbarligida olib borilayotgan muhim islohotlar haqida suhbatlashilgan.

Suhbatning asosiy mavzularidan biri - xotin-qizlarni gender zo‘ravonlikdan himoya qilish va O‘zbekistonda unga yo‘l qo‘ymaslik uchun amalga oshirilayotgan ishlar bo‘ldi. 

"Umuman, muloqotimiz ochiq va samimiy bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga ayollar va voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar faqat qog‘ozda qolmasligi uchun zarur chora-tadbirlarni atroflicha muhokama qildik", deydi Saida Mirziyoyeva. 

Qayd etilishicha, Jyennifer Klayn bu borada amaliy yordam berishni taklif qilgan. 

"Shuni inobatga olgan holda, kelgusida aloqalarimizni yanada mustahkamlash va kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz, deb o‘ylayman", deb yozadi Prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri.

Avvalroq Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik jinoiy huquqbuzarliklar turkumiga o‘tkazilgani, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirilganini olqishlagandi.

Mavzuga oid