O‘zbekiston | 19:27 / 28.03.2023
36812
16 daqiqa o‘qiladi

«Tashabbusli budjet»da avj palla: qing‘irliklar va islohot zarurati

«Openbudjet»ning 2023 yilgi 1-mavsumiga ovoz yig‘ish jarayoni avjida. Ayni paytda, jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olingan, fuqarolarga mahalliy budjet pullarining bir qismini qayerga ishlatishni hal qilish imkonini bergan loyihaga ayrim konstruktiv o‘zgarishlar kiritish zarurati ko‘zga tashlanmoqda.

Ma’lumot uchun, 1,5 trln so‘m ajratilgan va tasdiqlangan 33 mingdan ziyod tashabbus uchun 12 mlndan ortiq ovoz to‘plab bo‘lindi. Bu – mutlaqo rekord. Avvalgi mavsumda jami 7,8 mln ovoz to‘plangan edi.

Ovoz tilanayotgan o‘qituvchilar

Biroq «Openbudjet»ga bu yilgi ovoz to‘plash jarayoni ko‘chilikning g‘ashini keltirmoqda. Ko‘chalarda o‘qituvchilar va hamshiralar ovoz tilanib yuribdi. Boshqa odamlar «Pepsi», «Kola» tarqatish va «Paynet» orqali pul o‘tkazib berish evaziga ovoz sotib olyapti. Bu nohaqlik, adolatsizlikdek ko‘rinmoqda, chunki kichikroq mahallalar va maktablar o‘z tashabbusiga ovoz to‘plolmasdan qolib ketmoqda.

Rosti, o‘zi yaqindagina majburiy mehnatdan qutilgan o‘qituvchilar armiyasi maktablarning moddiy texnika ta’minoti va ta’mirlashi uchun ovoz to‘plashga safarbar qilinayotgani kishini o‘ylantiradi.

O‘qituvchilar uyma-uy yurib, ko‘chalarda odamlardan iltimos qilib ovoz to‘plashmoqda. Direktorlar tomonidan har bir o‘qituvchi zimmasiga 100-200 tadan ovoz to‘plash majburiyati yuklangan, yuklamani bajarmaganlarga chora ko‘rilishi bilan ham tahdid qilinmoqda ekan. Maktablarning Telegram guruhlaridan kelayotgan skrinshotlar bundan dalolat berib turibdi.

Shifoxona, poliklinikalar bilan ham xuddi shu ahvol. Hamshiralar ko‘chama-ko‘cha sarson, vrachlar esa huzuriga kelgan bemorning ovozini olmasa ko‘rikni boshlamayapti. Bolalar bog‘chalari bilan ham ayni mana shunday holat.

Ovoz to‘plab berish uchun xizmat ko‘rsatuvchi o‘rtakashlar paydo bo‘lgan. Odamlarga ovozi evaziga «Koka-Kola» va «Pepsi» berib, shuningdek, telefon raqamiga 10-15 ming so‘m pul o‘tkazib ovozlarni sotib olishmoqda.

Men o‘zim otam yashaydigan mahallaning ko‘chasini qo‘ydim. Qarindosh-urug‘, tanish-bilish, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon berib, atigi 55 ta ovoz jamg‘ara oldim. Holbuki, tumanda ko‘chalar borasida eng ilg‘or mahalla 5 mingdan ziyod ovoz to‘plab qo‘yibdi.

Xo‘sh, tashabbuslarga ovozlar qanday to‘planmoqda?

Vaziyatdan tanish suhbatdoshim shunday hikoya qiladi:

«Loyihalar paytida bu ishlarga aralashib qolgan edim, sababi – bir quruvchi qarindoshim «bog‘cha ta’miri bo‘yicha loyihani yutishim kerak, bo‘lmasa bu loyihani menga bermaydi», deb yordam so‘rab kelib qoldi.

Shundan so‘ng surishtirib, shahar markazidagi barcha «Paynet» shoxobchalarini boshqaruvchi bir inson bilan tanishdim va u barchasini tushuntirdi: o‘tgan turda bir ovoz narxi so‘nggi haftada 10 ming so‘mgacha chiqibdi. Shunda ham talabgorlar ancha bo‘lgan. Odamlar nima bo‘lsayam ovoz kerak, deb pul ko‘tarib navbatda turgan ekan.

Bu mavsum oldidan endi o‘sha qarindoshim biryo‘la uchta loyiha olganini va hammasida yutishi kerakligini aytib, yana oldimga yordam so‘rab keldi.

Men eski «tanish»larga aloqaga chiqqanimda hammasida turlicha narx ekan: 8 ming so‘mdan boshlab 15 ming so‘mgacha narx aytildi. Katta «paynetchi» esa 15 ming so‘mdan «buyurtmalar» olgan daftarini ko‘rsatganda yoqamni ushladim! O‘tgan turda yordam bergan bolalarga aloqaga chiqib, bitta ovozni 8 ming so‘mdan gaplashdim.

Hozir, mana, kuniga 5 mingdan 10 mingtagacha ovoz yig‘ib berishmoqda. Men ularga 8 ming so‘m beraman, loyihachilardan esa kamida 10 ming so‘m hattoki 15 ming so‘mdan har bir ovoz uchun buyurtma olyapman», deb hikoya qiladi u.

Uning aytishicha, ovoz berish 7 aprel kuni tugasa, so‘nggi 3–4 kunda har bir ovoz narxi 20 ming so‘mgacha chiqishi kutilmoqda. Chunki ko‘plab loyihalarda oldingi turlarga nisbatan ovoz soni ancha ko‘paygan. Masalan, avval bir tumanda tashabbus 3000 ta ovoz bilan yutilgan bo‘lsa, hozir 5000 ta ovoz bilan ham yutishning imkoni yo‘q. Kimo‘zarga katta pullar evaziga ovozlar soni oshib bormoqda, ularga qarab narx ham.

Misol uchun, 1,2 mlrd so‘mlik loyihani yutish uchun buyurtmachi (ya’ni quruvchi) 200 mln so‘mgacha sarflashi mumkin ekan. O‘tgan turda 50 mln so‘mga g‘olib bo‘lish uchun yetarli ovoz to‘plab berish kafolati berilgan bo‘lsa, bu turda 100 mln so‘mga ham hech kim buyurtma olmayapti ekan.

Ya’ni, ko‘chalarda «kola» tarqatuvchilar, «paynet» oldida pul tarqatuvchilar mahalla yo maktabning emas, loyihani yutishdan manfaatdor quruvchining odamlari bo‘lyapti.

Bu yil g‘oliblik uchun ko‘proq ovoz kerak bo‘layotgani uchun quruvchi o‘sha ta’lim/tibbiyot muassasasi rahbari bilan kelishmoqda. O‘sha muassasaga kamida 2000 ta ovoz yig‘ishga yuklama qo‘yilgan. O‘tgan turda bu narsa yo‘q edi. Bu yil ko‘chalarda o‘qituvchi, hamshira va tarbiyachilar ovoz to‘plash uchun izillab sarson bo‘lib yurishibdi.

Keyin ahamiyat berilsa, bunday tashabbuslarning barchasida eng yuqori chegaradagi summa – 1,2 milliard so‘m deb taklif kiritilgan. Sababi – turli ortiqcha «xarajatlar» ko‘p bo‘lgani uchun imkon qadar maksimal summa ko‘rsatilmoqda.

«Openbudjet»ning minuslari

Har qanday ezgu tashabbus eng quyidagi hokimiyatlar tomonidan pachag‘i chiqarilib, diskreditatsiya qilinishiga ko‘nikib ham qoldik. Mana shunday nopok yo‘llar bilan g‘oliblik uchun kurashayotgan quruvchilarga tenderda yutishni va’da qilayotganlar ham o‘sha hokimiyatdagilar.

Tuman hokimiyatlari davlat dasturiga tushirib qilinadigan ishlarni ham «bor, ana, «openbudjet»ga qo‘yib yutib ol kerak bo‘lsa», deb qaytarayotganini eshitib, guvohi bo‘lib turibmiz.

Shifoxona, bog‘cha, maktab kabilarda tashabbusda 1,2 mlrd so‘m ko‘rsatilgani bilan aniq nima ish qilishi ko‘rsatib o‘tilmagan. Nopok quruvchilar shuning uchun jon jahdi bilan shu loyihalarga yopishib olishgan. Chunki manzilli dasturdan farqli o‘laroq, bunday ta’mirlash ishlarini 1,2 mlrd so‘mni qo‘lga kiritib, deylik, bor-yo‘g‘i 300 mln so‘mlik ish bilan yopib yuborish imkoni bor. Bunga kallasini liqillatib rozilik beruvchi tomonlar ham kutib turibdi.

Qolaversa, katta aholiga ega mahallalar tashabbusi ketma-ket g‘olib bo‘lmoqda. Ularda yutish uchun tajriba bor, bu qolgan mahallalarga nisbatan adolatsizlikdek ko‘rinadi.

Turli korrupsion sxemalar allaqachon ishga tushgan. Pul tikib, 1 mlrd so‘mlik yo‘lni 1,2 mlrd so‘m qilib o‘tkaziladi. Yutish uchun 100 mln so‘m sarflashadi. Yutgach quruvchidan 200 mln so‘mni olishadi. 100 mln so‘m joyiga qaytadi, yana 100 mln so‘m keyingi loyihani yutish uchun olib qo‘yilarkan.

Shaffof tizim ishga tushmoqda

Vaziyatdan xabardor mutaxassisning tushuntirishicha, avvalgi turlarda bunday yo‘l bilan quruvchilar aynan o‘zlari «xarajat» qilgan loyihani qo‘lga kiritishiing qandaydir imkoni bo‘lgan bo‘lsa (o‘tgan yilgi tenderlar e-tender.uzex.uz orqali o‘tkazilgan), bu yil ishga tushgan shaffof platforma — tender.mc.uz bunday nayranglarga chek qo‘yadi.

«Avvalo, reyting.mc.uz orqali qurilish tashkilotlari reyting ko‘rsatkichlariga qaraladi. Ovoz to‘plash uchun 100-200 mln so‘m sarflab qo‘ygan qurilish tashkilotlari hammasi avvalgidek bo‘ladi, deb o‘ylayotgan bo‘lsa qattiq adashadi», – dedi savolimizga javoban mutaxassis.

Uning aytishicha, tashabbusda g‘olib bo‘lgan loyiha avval sinchiklab ko‘rib chiqiladi, ekspertiza qilinadi, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi smetani kesib ham yuborishi mumkin. Oshirilgan summani qo‘yib o‘tkazish uchun 5 ta tashkilot bilan kelishish kerak. Lekin u tashkilotni hech kim tanlay olmaydi, shaffof tizim tanlab beradi.

Shundan so‘ng tender platformasiga chiqadi. Shunda quruvchi yutib olish uchun kurashadi. Falonchi qurilish firmasi yutsin deb, tuman hokimi ham, boshqasi ham hal qilib bera olmaydi. Ya’ni, hozirgi kunlarda ovoz to‘plash uchun pul sarflayotganlar kim yutishi noma’lum bo‘lgan obektga pul tikishgan bo‘lishi ehtimoli katta. (Ketdi bir Gentra'ning puli osmonga uchib!)

«Openbudjet»ning plyuslari

Ma’lumki, «Tashabbusli budjet»da mahalliy budjetning markaziy budjetga o‘tkazilganidan ortib qolgan qismi «o‘ynalyapti». Uzoq yil navbat kutayotgan ishlarni tezroq bitirish uchun. Bu degani «openbudjet»ga quyilmasa ham, mahallangiz ko‘chasi davlat dasturi asosida asfalt qilib berilishi mumkin: keyingi yillarda, agar navbati kelsa.

Ikkinchidan, avvalgi yillari uyushib, birlashib mahallasini asfalt qildirganlar, endi boshqa narsa, masalan, maktab ta’miriga ovoz to‘plashmoqda.

Uchinchidan, o‘sha pulni yutib olib mahallani asfalt qildirganlar yo‘l ne-ne qiyinchilik bilan asfalt yo maktab ta’mir qilinayotganini ko‘rib, quruvchilar ustida turib sifatni talab qilib olishmoqda. Yoki ishlar bitgach, uni barcha ko‘z qorachig‘iday asramoqda.

Ya’ni odamlarda aloqadorlik hissi uyg‘ondi. Odamlar bir maqsad yo‘lida uyushishni o‘rganishdi. Bekorga joylarda tashabbus g‘olib chiqsa, bayram bo‘lib ketmayapti, axir.

Odamlar 1-2 mlrd so‘m pul uchun quruvchilarning, ish bitgach, qolganlardan yon-atrofni ko‘z qorachig‘idek asrashni talab qilayotgan bo‘lsa, har yili O‘TTIZ MILLIARD AQSh DOLLARI miqdoridagi davlat budjetini tasdiqlab beruvchi shol parlamentimiz shunday talabchan bo‘lsa, nimalar bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ring endi!

Chet ellardagi parlamentlarda mushtlashuvlar ham aynan shundan kelib chiqadi. Ya’ni pul uchun!

Nima o‘zgarishlar qilish kerak?

Xullas, barchani birdek rozi qilolmayotgan bo‘lsa ham, «Openbudjet» ish bermoqda. Uni ma’qullagan holda, adolat ta’minlanishi va barchasi shaffof o‘tishi uchun, uning ayrim kamchiliklarini bartaraf etish uchun ayrim o‘zgartirishlar kiritish kerak, deb hisoblayman.

Masalan:

  • Tanlashda viloyat va shahar/tumandan tashqari, MFYni ham qo‘shish kerak.
  • Loyihasi bir marta yutgan mahallaga 1,5 mavsum dam berish kerak. Yangi tashabbusi qabul qilinmasligi kerak, toki boshqa mahallalarga ham «non» tegsin.
  • Tashabbus kategoriyalari ro‘yxatidan maktab, (maxsus maktablar), oliy o‘quv yurtlari, bog‘cha va shifoxonalar umuman chiqarib tashlanishi kerak – ularni davlat faqat investitsion dastur asosida o‘zi remont qilib, moddiy-texnika bazasini mustahkamlasin. Oliy o‘quv yurtlari esa o‘zlari pul topishi uchun imkonli. Shu orqali o‘qituvchi va shifokorlar bo‘yniga yuklatilayotgan noqonuniy vazifa olib tashlanadi.
  • Faqat mahallalarni asfaltlash, ichimlik suv tortish, elektr simlari va yangi podstansiyalar qurish, aholi dam olish va sport maskanlari qurish uchun tashabbuslar qoldirilishi kerak.

Iqtisodiyot va moliya vazirligida adolatli raqobatni ta’minlash uchun face-ID tizimini kiritish varianti bor ekan. Lekin fikrimizcha, bu – nafaqat ovoz berishni murakkablashtirib yuboradi, balki xavfli ham. Chunki bunda face-ID ishlatiladigan mobil ilovaga (masalan, Soliq ilovasi) jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JShShIR) kiritish zarurati yuzaga keladi. Bu esa millionlab fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketishiga, o‘rtamchi guruhlar bir mavsum pul evaziga sotib olgan pasport ma’lumotlaridan keyingi mavsumda o‘sha odamlarning xabari bo‘lmay turib ham foydalanishiga olib keladi.

Yagona portal orqali ovoz berishni tashkil qilish haqida ham xuddi shunday deyish mumkin: birinchidan, ovoz berish qiyinlashib ketadi; ikkinchidan, shaxsiy ma’lumotlarning tarqalib ketishi xavfi yuzaga keladi.

Demak, ovoz beruvchilarni identifikatsiya qilishning hozirgi shakli (telefon raqam orqali) ham, JShShIRni taqozo qiladigan muqobil variant ham talabga javob bermas ekan, u holda, fikrimizcha, IMEI vositasini ko‘rib chiqish kerak.

Bunda hozirgi “xohlagancha sim-karta = xohlagancha ovoz” degan formula “bitta mobil qurilma = maksimum ikkita ovoz” shakliga o‘tadi (ko‘plab smartfonlar ikkita sim-kartali). Mobil qurilmalar esa sim-kartachalik arzon turmaydi, natijada minglab fiktiv sim-kartalar sotib olish bilan manipulyatsiya qilib bo‘lmay qoladi.

Shu bilan birga, bu tizimda ham ko‘cha-ko‘yda ovoz sotib olish holatlari davom etaveradi, lekin quyidagilarni inobatga olish kerak:

  • Ovoz sotib oluvchilarning imkoniyatlari borgan sari cheklanib boraveradi: o‘zining mahallasi turib, bilmagan holda birovga ovoz berib qo‘yganlar keyingi safar arzimagan pul evaziga bunday qilmaydi, ya’ni mavsumdan mavsumga o‘tib borgan sari o‘z ovozini sotadiganlar kamayaveradi.
  • Shu bahona ancha vaqtlardan beri tanqid qilib kelinadigan IMEI tizimi ham tartibga solinadi: ovoz berishni tashkil qilish uchun tegishli tizimlar integratsiya qilinadi va bu shunday qilinishi kerakki, odamlar o‘zlarining nomiga nechta va qanaqa mobil qurilma qachon va qaysi raqam orqali ro‘yxatdan o‘tkazilganini onlayn ko‘rib tura olishi kerak.
  • IMEI orqali ovoz berishni to‘liq SMS shaklida ham tashkil qilish mumkin: bu hatto amaldagi tizimdan ham osonroq (hozir internet aloqasi bo‘lmasa, ovoz berib bo‘lmaydi) – har bir tashabbusga muayyan ID-raqam biriktiriladi va odamlar bu raqamni ma’lum bir qisqa raqamga yuborish orqali ovoz berishi mumkin bo‘ladi. Face-ID kabi boshqa muqobil variantlardan ko‘ra bu ancha qulay.
  • Asosiysi, sim-kartalar emas, mobil qurilmalar birinchi planga chiqishining o‘ziyoq katta o‘zgarish yasaydi: “bir kishi bitta ovoz beradi” degan tamoyilni ro‘yobga chiqarish osonlashadi, chunki bir nechta mobil qurilmasi bor fuqarolar soni bir nechta sim-kartasi bor fuqarolar sonidan karrasiga kam.

Qolaversa, Investitsiya dasturiga kiritilgan obektlar ro‘yxatini ham shaffoflashtirish kerak. «Openbudjet»ga kiritilmagan mahallalar, maktab-u bog‘chalar va shifoxonalar qachon kapital ta’mirlanishini, odamlar navbati qachon kelishini bemalol kuzatib tura oladigan bo‘lishi zarur.

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist

Mavzuga oid