O‘zbekiston | 18:09 / 29.03.2023
16689
2 daqiqa o‘qiladi

Ro‘za tutish tavsiya etilmaydigan bemorlar haqida ma’lumot berildi

Shifokorlar davolash imkoni yo‘q, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishini talab qiluvchi kasalliklarga ega bemorlarga ro‘za tutishni tavsiya qilmaydi.

Ramazon ro‘zasining inson salomatligi uchun foydasi bisyor. Biroq ayrim surunkali xastaliklarga chalingan bemorlarga mutaxassislar ro‘za tutmaslikni tavsiya qiladi, deb yozdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

«Bu borada bir necha talablar mavjud. Xususan, ayrim xasta insonlar o‘z salomatligini yanada og‘irlashtirmasligi uchun ro‘za tutmasligi lozim», dedi oliy toifali shifokor Ra’no Nosirova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davolash imkoni yo‘q, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishini talab qiluvchi kasalliklarga ega bemorlar, shuningdek, jarrohlik amaliyotidan keyingi davrda bu amalni bajarish maqsadga muvofiq emas. Shuningdek, qat’iy taomlanishi shart bo‘lgan kishilar ham ro‘za tutmaydi.

Bundan tashqari, doimiy ravishda dori ichishi kerak bo‘ladigan yurak-qon tomir, buyrak va jigar xastaliklarining og‘ir ko‘rinishlari hamda qandli diabetda ham ushbu amalni bajarish durust emas.

Qolaversa, og‘riq bilan kechadigan va og‘riq qoldiruvchi dorilarni muntazam qabul qilishi talab qilinadigan, xususan, sil va onkologik kasalliklarining ayrim turlarida ham ro‘za tutish tavsiya etilmaydi.

SSV tavsiyasiga ko‘ra, agar bunday bemorlar ushbu ibodatni ado etish istagida bo‘lsa, eng avvalo, shifokor bilan maslahatlashishi va uning ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishi lozim.

Avvalroq, SSV ro‘zadorlar qanday taomlanishi zarurligi haqida tavsiyalar bergan edi. 

Mavzuga oid