Fan-texnika | 10:33 / 30.03.2023
88570
6 daqiqa o‘qiladi

Genetik o‘zgartirilgan oziq-ovqatlardan nega qo‘rqamiz?

Bozor yoki marketlarda oziq-ovqat mahsulotlari sotib olayotganimizda “GMOli yoki GMOsiz” degan yozuvlarga, albatta, ko‘zimiz tushgan. Iste’molchilarda genetik o‘zgartirilgan oziq-ovqatlarga shubha bilan qarash mavjud. Fan taraqqiy etib dunyoda genetik tahrirlangan oziq-ovqatlar ham allaqachon yetishtirila boshlandi. Ular GMO mahsulotlaridan ma’lum farqlarga ega.

Foto: Kun.uz

Fermerlar uzoq vaqt mahsulotlarning yangi va samarali navlarini yaratish uchun tabiiy chatishtirish usullaridan foydalanib kelgan. Masalan, katta va mazali karamga ega bo‘lish uchun katta, lekin unchalik mazali bo‘lmagan karam va kichikroq, biroq mazali karam chatishtirilgan hamda mukammal mahsulotga erishishga harakat qilingan. Biroq tabiiy usulda bunga erishish – minglab genlarni karamlardan ajratib olishdan iborat ancha yillab muddat talab etadigan jarayon bo‘lgan.

Genetik usullardan foydalanish esa seleksionerlarga mahsulotdan tasodifiy elementlarni oson o‘chirish imkonini bergan. Genetik usul bilan qaysi genlar mazaga, qaysisi, hajmga javob berishini aniqlash mumkin va tezroq, samaraliroq tarzda genlarni o‘z o‘rniga qo‘yish imkoni mavjud bo‘ladi.

Qanday genetik texnologiyalardan foydalaniladi?

Genetik modifikatsiya. Bu usuldan dunyoning aksar davlatlarida 20 yillardan buyon foydalanib kelinadi. Modifikatsiya (GMO) usulida o‘simlikka boshqa turdagi o‘simlik va hatto hayvon DNKsi ham qo‘shilishi mumkin. Bu usul orqali tabiiy chatishtirish yo‘li bilan yaratib bo‘lmaydigan yangi navlar va turlar paydo bo‘ladi.

Tsisgeniz. Bunda o‘simlikka juda yaqin bo‘lgan navlarning genidangina foydalaniladi. Tsisgeniz usulida genlarni o‘zgartirishga uning yordamida erishiladigan natijaga tabiiy chatishtirish usuli bilan ham erishib bo‘lsa, ruxsat beriladi. Undan ortiq holatda genlarni o‘zgartirish mumkinmas.

Genetik tahrirlash. Bu usul boshqalariga qaraganda nisbatan yangi hisoblanadi. Unda o‘simlikning kichik qism DNKlari olib tashlanishi mumkin. Lekin unga boshqa o‘simlik yoki hayvon DNKlari qo‘shilmaydi.

Genetik tahrirlangan oziq-ovqatlar yetishtirish boshlanganmi?

Yaponiyada allaqachon genetik tahrirlash usulida yetishtirilgan, tinchlantiruvchi xususiyatga ega pomidorlar, sushilar uchun mos keladigan maxsus yetishtirilgan dengiz lishayniklarini sotib olish mumkin.

AQSh firmalari urug‘siz maymunjon va danaksiz qulupnaylar ustida ish olib boryapti.

Buyuk Britaniyada esa tadqiqotchilar vitamin D ga boy pomidorlar ustida ishlayapti.

Angliyaning Hertfordshir universiteti olimlari bug‘doyning yangi navini genetik tahrirlash ustida ishlayapti.

Oziq-ovqat sanoatida genetik tahrirlashdan foydalanib tezroq yangi navlarni kashf qilishni xohlashi bilan birga oziq-ovqatni to‘la mosligicha yetishtirishga ham urg‘u berilmoqda. Masalan, vegeterianlar uchun mo‘ljallangan o‘simliklar oqsilga boy va go‘sht iste’moli o‘rnini bosa oladigan bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishiga chidamli navlar bo‘lishiga ham alohida e’tibor berilyapti.

Genetik o‘zgargan mahsulotlarni iste’mol qilish xavfsizmi?

Olimlar 3 ta usul ham iste’mol uchun xavfsiz oziq-ovqat ishlab chiqarishini, har bir nav qattiq sinovdan o‘tishini ta’kidlaydi.

Shimoliy va Janubiy Amerika, Osiyoda genetik o‘zgartirilgan mahsulotlarni milliardlab odamlar 20 yildan oshiq vaqtdan beri iste’mol qilishyapti, lekin ularning sog‘ligida aynan shuning uchun muammo kuzatilmagan.

Biroq sog‘likka va tabiatga xavf ehtimoli mavjudligi sabab GMO va boshqa usulda genetik tahrirlangan mahsulotlar sotuviga Yevropa Ittifoqi hududida qat’iy taqiq qo‘yilgan.

Angliyada esa yaqindan boshlab genetik tahrirlangan muhsulotlar sotuviga ruxsat berildi.

Xavotirlar sabablari

Genetik tahrirlangan oziq-ovqatlarni xush ko‘rmayotganlar bu turning GMO mahsulotlardan farqi yo‘qligini aytishmoqda. Boshqa taraf esa genetik tahrirlangan mahsulotlar tabiiyga yaqin ekanini, ular GMO oziq-ovqatlardan farq qilishini aytishmoqda.

Shuningdek, genetik tahrirlangan mahsulotlar allergiya chaqirishi yoki zaharlanish xavfi paydo qilishi mumkinligi xavfi haqida ham xavotirlar bor.  

GMO mahsulotlari-chi? Ular xavflimi?

Jahon cog‘liqni caqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, GMO mahsulotlarining 3 ta asosiy xavfga sabab bo‘lishi xavotiri bor. Bulardan birinchisi genlar aralashishi oqibatida allergik oqibatlarga olib kelishi mumkinligi. Keyingisi GMO mahsulotlarida genlar transferi inson sog‘ligiga salbiy ta’sir qilishi xavotiri. Yana bir xavotir esa GMO mahsulotlari sabab oziq-ovqat xavfsizligiga putur yetishi mumkinligi. Bunda tarkibida GMO bo‘lgan ekin bilan an’anaviy yoki yovvoyi ekin chatishtirilishi oqibatida tabiiylik zanjiriga putur yetishi mumkin. Shuning uchun ba’zi davlatlarda GMO ekinlar va an’anaviy ekinlar yetishtiriladigan dalalar bir-biridan qat’iy ajratiladi.

GMO mahsulotlari xavfli yoki xavfsiz ekanini aytish uchun ularning har biri alohida teshkiruvdan o‘tkazilishi kerak. Sababi har bir genetik modifikatsiya qilingan oziq-ovqat boshqasidan farq qiladi. Shuning uchun umumiy tarzda GMO mahsulotlari sog‘lik uchun xavfsiz yoki xavfli deb ta’rif berib bo‘lmaydi. Ayni paytda xalqaro sotuvda bo‘lgan GMO mahsulotlari tekshiruvlardan o‘tkaziladi va ular sog‘lik uchun xavfli emas. GMO iste’mol qiladigan davlatlar aholisi sog‘ligida ham umumiy tarzda biror o‘zgarish kuzatilgani qayd etilmagan.

Mavzuga oid