O‘zbekiston | 14:18 / 02.04.2023
21305
4 daqiqa o‘qiladi

Oramizdagi odamlar: onasiz ulg‘ayayotgan farzand

To‘ychiboy aka g‘aribgina kulbada o‘g‘li bilan yashaydi. Mardikorlik qilib kun ko‘radigan ota zurriyoti uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi. Yolg‘iz o‘g‘il Iqboljon 1-sinf o‘quvchisi. Onasi uni tashlab ketgan. Oila qozonida go‘sht qaynamagan kunlar ko‘p bo‘ladi. Go‘sht o‘rniga ota o‘g‘li uchun zovurdan baliq tutib kelib pishirib beradi.

“Beshariq tumanining Qorabo‘yin qishlog‘ida yashayman. Yoshim 56 da. Turmush o‘rtog‘im ro‘zg‘or kamchiliklari, yashayotgan uyimizda sharoit yo‘qligi uchun 2 yil avval bizni tashlab ketgan. Shundan beri o‘g‘lim bilan yashayman. Farzandimga ham ota, ham onaman.

Mardikorlik qilib kun ko‘raman. Qo‘shnilarimning yumushini qilib beraman, quduq qazaman, qurilish ishlari ham qo‘limdan keladi. Iqboljon maktabdan kelsa uy eshigini ochib berib yana ishga ketaman. O‘g‘lim qarovsiz qolmasin deb atay uyimga yaqin joylardan ish topishga harakat qilaman.

Onasiz farzand katta qilish juda qiyin. O‘g‘lim maktabdan kelsa ovqat qilish, uy supurish, kiyimlarini yuvish kerak bo‘ladi. Ayrim vaqtlar bo‘ladiki, uy yumushlaridan ortib ishga chiqa olmayman. Vaqti kelib o‘g‘limni o‘qitib, ishli qilsam deyman.

Ishimga qarab bir kunda 50-100 ming so‘m pul topaman. Gohida ish bo‘lmay qolsa ovqat qilishga pul yo‘qligidan non-choy bilan kunni o‘tkazamiz. Aka-ukalarim bor. Lekin o‘zlaridan ortib menga yordam bera olmaydi.

Mardikorlik qilib yurib pul jamg‘arib ikki qo‘y olgan edim. Yaqinda ularni sotib buzoq va echkiga aylantirdim. Jonivorlarni parvarishlab sotib yangi imorat ko‘tarmoqchiman.

Bu hayotda yolg‘iz o‘g‘lim suyanchim. Maktabga ketsa uy huvullab qoladi. Qaytishini intiqlik bilan kutaman. Onasi har zamon qo‘ng‘iroq qilib farzandining hol-ahvolini so‘rab turadi. U boshqasiga turmushga chiqib ketgan. O‘g‘lim biror marta onasini sog‘ingani haqida aytmagan.

Tong sahar uyg‘onib o‘g‘limga nonushta tayyorlayman. Kiyintirib sumkasiga bir to‘g‘ram non solib maktabga jo‘nataman. Maktabdan uyga qaytib kelish paytida qayerda ishlayotgan bo‘lsam-da uyga yetib kelishga harakat qilaman. Qo‘shnimga tayinlab qo‘yganman. O‘g‘lim maktabdan qaytishi bilanoq menga bu haqda xabar berib qo‘yadi.

Uy eshigini ochib berib qornini to‘yg‘azib qo‘yib yana ishga chiqib ketaman. Kelgunimcha dars qiladi, do‘stlari bilan o‘ynaydi.

Ishlab topgan pulimdan orttirib vaziyatga qarab 100 gramm bo‘lsa ham go‘sht olib kelib yediraman. Ko‘ngli tusagan yeguliklarni olib kelib berishga harakat qilaman.

Pulim yo‘qligini aytsam tushunadi. Ro‘zg‘orda go‘sht bo‘lmay qolsa zovurlardan baliq tutib kelib pishirib beraman. Onasi tashlab ketganida o‘g‘lim 6 yoshda edi”.

To‘ychiboy Tavakkalovga yordam bermoqchi bo‘lganlar uchun karta ma’lumotlari:

UzCard: 8600 0609 3417  9111 TAVAKALOV TUYCHIBOY nomida.

 Sarvar Ziyayev,
Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid