O‘zbekiston | 16:00 / 03.04.2023
24255
4 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyaning “Maksam” kompaniyasi O‘zbekiston hukumatini xalqaro arbitrajga berdi

“Maksam-Chirchiq” zavodining 49 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi Ispaniyaning “Maksam” kompaniyasi O‘zbekiston hukumatidan shartnomani buzib kelganlik uchun tovon to‘lashni talab qilmoqda. “O‘zkimyosanoat” Kun.uz so‘roviga javoban tez orada rasmiy ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

Foto: Maksam-Chirchiq zavodi

Ispaniyaning “Maksam” kompaniyasi O‘zbekiston tomoni bilan nizoni hal qilish uchun Londondagi xalqaro arbitrajga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

“Eurasianet” xabariga ko‘ra, kelishmovchilik “Maksam” kompaniyasi va “O‘zkimyosanoat” davlat kompaniyasi 49/51 nisbatda egalik qiladigan “Maksam-Chirchiq” kimyo korxonasiga oid.

Qayd etilishicha, “Maksam” O‘zbekiston hukumatini o‘rtadagi shartnoma shartlarini doimiy ravishda buzish ayblovlari ortidan yetkazilgan zararni undirish uchun da’vo qilayotgan bo‘lishi mumkin. “Maksam” kompaniyasining matbuot kotibi gap aynan nima haqida ketayotganini nashrga ochiqlamagan.

“Maksam” O‘zbekiston hukumati bilan muzokaralar orqali murosaga kelishdan umidvor edi, chunki mamlakatga kattagina sarmoya kiritgandi. Lekin vaziyat shunday darajaga keldiki, ular muammolarini muloqot va muzokaralar yo‘li bilan hal qila olmadi. Xalqaro arbitraj sudiga da’vo arizasini berish ularning oxirgi chorasidir”, – degan nizoli holatdan xabardor manba.

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish maqsadida “O‘zkimyosanoat” AJ matbuot kotibi Rustambek Eshbekovga bog‘landi. U kompaniya mazkur vaziyatdan xabardorligini va bu masala yuzasidan aniq, asoslangan ma’lumotlar tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

“Bu yuridik jihatdan aniq asoslanishi lozim bo‘lgan xalqaro darajadagi masala. Shuning uchun biroz vaqt talab qiladi”, – dedi “O‘zkimyosanoat” rasmiy vakili.

“Maksam-Chirchiq” haqida

2007 yilda Chirchiq azotli o‘g‘itlar zavodining 49 foiz ulushi Ispaniyaning “Maksam” kompaniyasiga o‘tgan. Shundan keyin “O‘zkimyosanoat” va “Maksam”ga tegishli “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan.

Hozirda “Maksam Chirchiq” AJning 51 foiz ulushi “O‘zkimyosanoat” AJ davlat kompaniyasi, 49 foizi esa Ispaniyaning “Maxamcorp International S.L” kompaniyasiga qarashli.

“Maksam-Chirchiq” AJ – 40 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi O‘zbekiston kimyo sanoatidagi yirik korxonalardan biridir. U “A” markali karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatdagi tabiiy monopolist hisoblanadi.

“Maksam” kompaniyasi haqida

“Maksam” kompaniyasi tarixi Nobel mukofori asoschisi Alfred Nobel 1872 yilda Ispaniyada dinamit kukunlarini ishlab chiqaruvchi “Sociedad Anónima Española de la Pólvora Dinamítica” kompaniyaga asos solgan vaqtdan boshlangan. Keyinchalik uning egalari va tuzilmasi o‘zgargan.

Kompaniya kimyoviy energetika materiallari (portlovchi moddalar va boshqalar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan va tog‘-kon sanoati, qurilish muhandisligi va qurol-yarog‘lar bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri hisoblanadi. “Maksam” dunyoning 40 dan ziyod davlatlarida faoliyat yuritadi.

Ispan nashrlarining yozishicha, “Maksam” bosh ofisi Madridda joylashgan, ammo 2020 yildan beri AQShning “Rhone Capital” fondiga tegishli.

2022 yil aprel oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy “Maksam” va yana ikki ispan kompaniyasini hamon Rossiyadan chiqib ketmagani uchun tanqid qilgandi. Shundan keyin kompaniya OAV e’tiboriga tushgan. Kompaniya Rossiyada zavodlarni ochiq saqlash majburiyatiga bo‘ysungani uchun qolganini tushuntirgan.

Mavzuga oid