Jahon | 14:22 / 05.04.2023
25382
13 daqiqa o‘qiladi

Makronning Xitoyga tashrifi. U Jinpingni Putinga yordam bermaslikka ko‘ndira oladimi?

Yevropa rahbarlari yaqinda Moskvada Putin bilan uchrashgan Si Jinping bilan muzokaralar o‘tkazish uchun birin-ketin Pekinga uchmoqda. Yevropaliklar o‘zlarining eng yirik savdo sherigi bo‘lmish Xitoyning Yevropada urush olib borayotgan Rossiya bilan yaqinlashishidan, shuningdek, Pekinning Yevropa Ittifoqining asosiy hamkori bo‘lgan AQSh bilan ziddiyati kuchayayotganidan xavotirda.

Foto: AFP

Germaniya kansleri va Ispaniya bosh vaziridan keyin, 5 aprel kuni Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen ham Pekinga tashrif buyurmoqda.

Yevropa Kiyevga Rossiya bosqiniga qarshi kurashda yordam bermoqda va urush tezroq tugashidan manfaatdor. Biroq ular Ukraina hududiy yaxlitligini tiklash sharti bilangina tinchlikka erishishga rozi. Tabiiyki, Kreml bunga rozi emas, uning ortida esa Xitoy turibdi.

Yevropaliklar Xitoyni Yevropada urush va tinchlik masalasini hal qilishda YeI mustaqil kuch ekaniga, Xitoyning asosiy dushmani bo‘lmish AQShning ko‘lankasi emasligiga ishontirishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga ular Pekinga asosiy tushunchani ham yetkazmoqchi — «biz hamkorlik qilishga tayyormiz, biroq Xitoy qizil chiziqni kesib o‘tib, Putinga harbiy yordam berishga qaror qilsa, barchasi tubdan o‘zgarishi mumkin».

Avvalgi yevropalik mehmonlar Pekinda muvaffaqiyatga erisha olmadi. Makron va fon der Lyayyen buni uddalaydimi?

Xitoy va Putin

Urush boshida Makron doimiy ravishda Putin bilan qo‘ng‘iroqlashib turdi, biroq oradan bir yil o‘tib, Yevropa Ittifoqi, AQSh va Kreml o‘rtasidagi aloqalar barbod bo‘ldi. Pozitsiyalar shu qadar murosasiz bo‘ldiki, yevropadagilar halokatli vaziyatni oldinga siljita oladigan davlat aynan Xitoyligi, Putinga ta’sir ko‘rsatadigan yagona lider esa Si Jinping ekani haqida tez-tez gapira boshladi.

«Shubhasiz, Xitoy bu keskinlik to‘lqinini har ikki yo‘nalishda ham o‘zgartirishga qodir sayyoramizdagi kam sonli davlatlardan biri va ehtimol dunyodagi yagona davlatdir», degan Makron ma’muriyati vakili.

«Biz eng yomon ssenariydan qochishni xohlaymiz va shuning uchun ham biz ular (xitoylar) bilan muloqot o‘rnatishimiz, o‘z pozitsiyamizni belgilashimiz va o‘rta muddatli kelajakda bu urushni tugatish yo‘llarini topish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak», deya qo‘shimcha qilgan u.

Xitoyning bu jarayonlardagi asosiy roli Si Jinpingning Kremlga bosim o‘tkazishda yangi richaglarga ega bo‘lgani bilan izohlanadi. Putin G‘arbdan ajratilgan Rossiya iqtisodiyotini Xitoyga qaram qilib qo‘ydi. Urushning har qanday natijasi, jumladan Rossiyaning mag‘lubiyati ham bu faktni o‘zgartirmaydi, chunki G‘arb sanksiyalarni bekor qilmoqchi emas hamda Rossiyaning neft va gazidan qat’iy ravishda qutulishga harakat qilmoqda.

Boshqa tomondan, agar Si Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatsa va G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishga yordam bersa, tarozini Kreml foydasiga og‘dirishi mumkin. Hozircha esa bu ikki holat sodir bo‘lgani yo‘q.

Makron Si Jinpingni kelajakda ham bunday qilmaslikka ishontirishga harakat qiladi.

«Biz ochiqcha aytamiz: Rossiya bilan yaqinlashish vasvasasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu qizil chiziqni kesib o‘tmaslik kerak», deya yuqori martabali fransuz amaldori so‘zlaridan iqtibosi keltiradi Reuters nashri.

Tinchlik rejasi amalga oshishi mumkinmi?

Xitoy TIV Si Jinpingning Moskvaga tashrifidan biroz oldin Yevropadagi urushga munosabatini e’lon qildi. 12 banddan iborat hujjat ba’zan Xitoyning «tinchlik rejasi» deb nomlanishiga qaramay, u tinchlik rejasiga o‘xshamaydi va faqat Xitoy pozitsiyasini mustahkamlaydi.

Fon der Lyayyen Rossiyaning Ukrainaga bosqini oqibatlarini shaxsan o‘zi borib ko‘rgan va prezident Volodimir Zelenskiy bilan gaplashgan. Si Jinping esa Zelenskiy bilan hatto telefon orqali muloqot qilishdan ham bosh tortmoqda. Foto: AFP

«Xitoy o‘zini tinchlikparvar sifatida namoyon qiladi, lekin unchalik ham faol emas: Si Moskvada hatto bu g‘oya realligiga ishonmasligini ko‘rsatdi. Shunday bo‘lsa-da, ba’zi yevropalik yetakchilar taktik sabablarga ko‘ra, o‘zlarini unga ishongandek va muzokara o‘tkazishga tayyordek ko‘rsatishni foydali deb biladi», deydi AQShning Marshall fondi vakili Endryu Smoll.

Uning fikricha, Xitoy o‘zini tinchlik kelishuvidan manfaatdordek ko‘rsatmoqda. Aslida esa G‘arb Pekinning rejasini darhol rad etishi oqibatida o‘zini urushni alangalatuvchi pozitsiyaga qo‘yib qo‘yishidan umidvor.

Yevropaliklarning tashriflari boshqa narsalar qatorida, Jinping bu argumentdan quruq qoldirishga mo‘ljallagan. Ya’ni G‘arb tinchlikni istaydi.

Tinchlik tashabbuslarini muhokama qilish muzokaralarni baribir boshi berk ko‘chaga olib boradi, chunki yevropaliklar Kiyevning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Frontdagi hozirgi holatni mustahkamlovchi va Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni unga topshirishni tasdiqlovchi sulh haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.

O‘tgan hafta Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Pekinda Si Jinping bilan bu haqda gaplashdi. Xitoy raisi unga nima deb javob berganini so‘rashganda, Sanches izoh berishdan bosh tortdi.

Jan-Mishel Jar Mao Tszedun vafotidan keyin Xitoyda chiqish qilgan ilk g‘arblik musiqachi bo‘lgandi. 1981 yilda u Pekin va Shanhayda konsertlar beradi, 2004 yilda esa Tyananmenda Xitoyda fransuz madaniyati yilini ochib beradi. U yana Pekinga keldi - Makron delegatsiyasi tarkibida. Foto: AFP

Hozircha yevropaliklar Si Jinpingdan yadroviy keskinlik kuchayishini qabul qilib bo‘lmaslik haqidagi bayonotni eshitishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, bu Putinni to‘xtata olmadi — u Belarusga yadro qurolini joylashtirishga qaror qildi.

«Yevropaning ayrim yetakchilari Pekinning bayonotlari qandaydir tarzda Rossiyaning yadro strategiyasiga ta’sir o‘tkazadi degan xayolda. Biroq malakali xitoyshunoslar bunga ishonmaydi», deydi Yevropa tashqi aloqalar kengashining Osiyo tadqiqotlari bo‘limi boshlig‘i Yanka Ortel.

Nega Yevropaga Xitoy, Xitoyga Yevropa kerak?

Xitoyning asosiy raqibi — bu AQSh. Dunyoning yirik iqtisodiy va harbiy qudratga ega ikki davlati Tayvan, savdo, inson huquqlari va texnologik hukmronlik tufayli dushmanlikni kuchaytirdi va jahonni yana sovuq urush yoqasiga olib keldi.

Xitoy Yevropani AQShning vassali deb hisoblaydi. Yevropa bilan yaqinlashish Si Jinpingning asosiy dushman – AQShni zaiflashtirish, G‘arb koalitsiyasini parchalash va dunyoning AQSh va Xitoydan keyingi uchinchi yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Yevropa Ittifoqidagi G‘arb texnologiyalari va boy iste’molchilar bozoriga kirish imkoniyatini saqlab qolish kabi strategik maqsadlariga mos keladi.

Yevropa esa, o‘z navbatida, AQSh kabi Xitoy bilan barcha aloqalarni uzishga intilmayapti. Ammo Bryussel, agar Xitoy Putinni qurollantirishni boshlasa, AQSh Xitoyga qarshi sanksiyalar joriy qilishi va Yevropani ham shunday qilishga undashi mumkinligidan xavfsiramoqda.

Shu bois, Yevropa Ittifoqi AQSh soyasidan chiqib, Xitoy bilan munosabatlarda o‘zini mustaqil o‘yinchi sifatida ko‘rsatishga harakat qilyapti. Bu Yevropa Ittifoqi rahbarlarining Pekinga bir qator tashriflarining asosiy maqsadi bo‘lib, shundan so‘ng iyun-iyul oylarida Yevropa Ittifoqi-Xitoy sammiti o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Makron shartnomalar, jumladan Airbus laynerlari sotuvi bo‘yicha kelishuvlarga erishish uchun o‘zi bilan ellik nafar atrofida tadbirkorlarni Xitoyga olib keldi. Foto: AFP

Biroq, G7’dagi hamkorlar — AQSh, Kanada, Yaponiya va Buyuk Britaniyadan farqli o‘laroq, Yevropa Ittifoqining 27 davlati Xitoyga nisbatan aniq kelishilgan pozitsiyaga ega emas.

Bunga birinchi urinish Yevropa komissiyasi rahbari tomonidan Pekinga safar oldidan amalga oshirildi. O‘zining asosiy nutqida fon der Lyayyen keskin pozitsiyani e’lon qildi: «Yevropa Xitoy bilan hamkorlik qilishni xohlaydi, ammo muammolar tobora ko‘payib bormoqda, chunki Xitoy Kommunistik partiyasi asta-sekin ochiqlik va integratsiyadan yopiqlik va o‘z-o‘zini tasdiqlashga, shu jumladan, kuchga tayanishga o‘tmoqda».

«Umuman olganda, Yevropaning barcha yetakchilari bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlaydi, bu eng radikal chegarada bo‘lsa-da, konsensus doirasida. Ko‘pchilik o‘z nomidan Xitoyga qarshi bunday qattiq chiqish qilishga jur’at eta olmas edi, ammo Yevropa Ittifoqi bayroqlari ostidagi yagona frontdan bunday bayonot berish mutlaq mumkin ish», deydi Endryu Smoll.

«Yagona muammo shuki, Xitoy Yevropa Ittifoqining birligi va mustaqilligiga ishonishga shoshilmayapti», deya qo‘shimcha qilgan Yanka Ortel.

«Yevropaliklarning Xitoyga nisbatan ritorikasi o‘zgarishga uchramoqda, lekin amalda juda kam narsa o‘zgaryapti. Germaniya iqtisodiyoti bunga yaxshi misol, uning Xitoyga qaramligi hamon kuchayib bormoqda», deydi Endryu Smoll.

YeI tovarlar importining beshdan bir qismi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Yevroittifoq quyosh batareyalarining 80 foizini Xitoydan sotib oladi, ammo bunday qaramlikni qisqartirmoqchi. Foto: AFP

«Demak, Xitoy rasmiylari Yevropaning Pekinga nisbatan siyosati o‘zgarayotganiga hali ishonmayapti. Pekin Yevropada daromadli biznes takliflari orqali o‘z tomoniga og‘dirishi mumkin bo‘lgan davlatlar hali ham yetarlicha deb hisoblaydi», deya qo‘shimcha qilgan Smoll.

Makronga ko‘z-quloq bo‘lish

Fransiya shunday davlatlardan biri, chunki uning prezidenti Makron o‘zini Yevropaning asosiy istiqbolli rahbari deb biladi va natijaga erishish uchun moslashuvchanlikka moyil.

«Makron dunyo yetakchilariga ta’sir o‘tkazish qobiliyatiga ishonadi, u Putin bilan ham, Donald Tramp bilan ham kelishishga harakat qildi. Shubhali natijalar uni bu safar Si Jinping bilan yana bir bor o‘z omadini sinab ko‘rishdan qaytarmadi», deydi Yanka Ortel.

Muzokaralar jarayonida Makron umumevropa chizig‘idan chetga chiqmasligini ta’minlash va Si Jinpingga Yevropa Ittifoqida qiyinchilik bilan paydo bo‘layotgan birlikni parchalashga yo‘l qo‘ymaslik uchun Makronga Ursula fon der Lyayyen hamrohlik qilmoqda.

«Fon der Lyayyen Xitoy Kommunistik partiyasining ustuvor yo‘nalishlariga nisbatan ancha keskin va past baho berdi. Makron bunday aniq pozitsiyaga ega bo‘lmasa ham, Pekindagi muzokaralarda uning qandaydir harakatni amal oshirish imkoniyati uning ishtiroki bilan cheklanadi», deya fikr bildirgan Ortel.

«Fon der Lyayyen Si Jinpingga Makron bilan Yevropa Ittifoqi orqasidan turib, hech narsa bo‘yicha kelisha olmasligini ko‘rsata oladi. Bundan tashqari, uning borligi Makronning Putin va Tszinpin bilan munosabatlariga shubha bilan qaraydigan Yevropa Ittifoqi davlatlari hukumatlarini tinchlantiradi», deya Ortelning fikrlarini tasdiqlaydi Endryu Smoll.

Fon der Lyayyen va Makron Xitoyga birdamlik, mustaqillik va qat’iyatni namoyish etish uchun kelishmoqda. Bu oson kechmaydi. Foto: Getty Images

Ekspertlar Yevropa yetakchilari Si Jinpingni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga ko‘ndirishiga hozircha shubha qilmoqda. Chunki yevropaliklar hali Jinpingni Yevropa ittifoqi yakdilligi va AQSh ta’siridan mustaqil ekaniga ishontirishi ham lozim.

«Pekinga tashriflar Yevropa Ittifoqining o‘z pozitsiyasini muvofiqlashtirishga tayyorligini ko‘rsatadi, biroq Yevropa Xitoyning Rossiyani qo‘llab-quvvatlashida nimani qizil chiziq deb hisoblashi va Xitoy uni kesib o‘tsa, qanday oqibatlarga olib kelishi haligacha noma’lum», deydi Yanka Ortel.

«Makron va fon der Lyayyenning sayohati muvaffaqiyatga erishishi kafolatlanmagan» deya qo‘shimcha qilgan ekspert.

«Eng yomon holatda, Xitoy Yevropa bilan kelajakdagi aloqalar uzilishi xavfini emas, balki Rossiya bilan munosabatlaridan Yevropa Ittifoqiga qarshi vosita sifatida foydalanish imkoniyatini ko‘radi», deya so‘zini yakunlaydi Yanka Ortel.

Муҳаммадқодир Собиров
Tayyorlagan Муҳаммадқодир Собиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid