O‘zbekiston | 11:17 / 07.04.2023
27641
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Anvar Karimov viloyat hokimi o‘rinbosarligidan ketdi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Rahimjon Boboyev Sirdaryo viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Raximjon Boboyev 1976 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. 1999 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bakalavriatini, 2001 yilda shu universitetning magistraturasini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — menejment, boshqaruv menejmenti.

Boboyev mehnat faoliyatini «O‘zmevasabzavotuzumsanoat-holding»da boshlagan, 2006–2016 yillarda «O‘zvinosanoat-holding» holding kompaniyasi Moliya va buxgalteriya hisobi boshqarmasi boshlig‘i, kompaniya boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan, 2016–2017 yillarda Boyovut tumanida, 2017–2020 yillarda Xovos tumanida hokim bo‘lgan.

2020 yil davomida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi direktori bo‘lib ishlagan, 2020 yil oxiridan bugunga qadar Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi direktori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Ma’lumot uchun, Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimini 2019 yil aprelidan buyon Anvar Karimov egallab turgandi.

Anvar Karimov

Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrif buyuradi. Davlat rahbari xalq deputatlari viloyat kengashining sessiyasida ishtirok etadi. Shuningdek, ijod maktabi va sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.   

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil noyabrida Akmal Mahmudaliyev Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi. Bugungi sessiyada u hokimlikka rasman tasdiqlanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid