Tezlashayotgan ko‘p qutblilik: Olimpga chiqayotgan Pekin
Ikkinchi jahon urushi tugagan 1945 yildan boshlab to 1991 yilga qadar bo‘lgan davr sovuq urush bilan o‘tdi. Ko‘pgina tarixchilar va siyosatshunoslar sovuq urushni Uchinchi jahon urushi sifatida ta’riflashadi. Ularning fikriga ko‘ra, sovuq urush davrida dunyo uchga bo‘lingan edi: AQSh va uning ittifoqchilari, sobiq SSSR va uning ittifoqchilari hamda uchinchi dunyodagi “betaraflar”.
Lekin sovuq urushda ikki taraf o‘zining tasarrufidagi barcha vositalarni ishga solib, yagona qo‘rqinchli ssenariyning amalga oshishiga imkon bermaslikka intildi. Bu ham bo‘lsa, yadroviy to‘qnashuvlar edi.
Sovuq urushda SSSR yiqildi, sotsialistik lager to‘liq yutqazdi. Qolaversa, bu urush natijasida SSSR nafaqat yutqazdi, balki parchalandi ham. Cotsialistik lagerga kirgan davlatlar kapitalistik tizimga, demokratik boshqaruvga o‘tishdi. Shuningdek, sotsialistik lager bilan kurashish borasidagi eng asosiy harbiy-xavfsizlik tashkiloti bo‘lmish NATOga ham a’zo bo‘lishdi.
1990 yillar – liberalizm va panamerika dunyosining triumfi, mutlaq g‘alabasi davri hisoblanadi. Sobiq SSSR va sotsialistik lagerning qulashi bilan dunyoda bir qutbli geosiyosiy vaziyat shakllangan edi. Vashingtonga muqobil bo‘lgan, u bilan tengma-teng surisha oladigan, uni tiyib tura oladigan biron bir salohiyatli kuch bo‘lmadi. Jumladan, Rossiya Federatsiyasi ham. Xitoy Xalq Respublikasi AQShning qarorlarini tan olishga yoki de-fakto qabul qilishga mahkum edi.
Lekin keyingi ikki o‘n yillikda, dunyo geosiyosati asta-sekinlik bilan, bir qutblilikdan murakkab vaziyatga ko‘chib borayotganini kuzatish mumkin. Hozircha dunyoda barqaror va kuchlar nisbati yaqinroq bo‘lgan ko‘p qutblilik shakllanmadi. AQShning iqtisodiy va harbiy salohiyati hali ham juda katta.
Rossiya AQSh va NATOga qanchalik chaqiriq tashlamasin, iqtisodiy, harbiy, texnologik va geosiyosiy resurslar o‘rtasidagi farq juda katta. Qolaversa, Ukrainaga urush boshlab, Rossiya yangi eksperiment ochdi. Hali bu eksperimentning natijasi ma’lum emas. Ma’lum bo‘lgani – Rossiya o‘z niyatiga qisqa va samarali ko‘rinishda erisha olmadi.
Ukrainadagi urush cho‘zilib ketdi. Bu urush ikki tomonning ham tinkasini qurita boshladi. Urushlar shunisi bilan xavfliki, uni boshlash oson, tugatish qiyin. Chunki urushayotgan tomonlar g‘alaba bilan chiqishni istashadi, g‘alaba esa ikkinchi tomonning mag‘lubiyati bilan belgilanadi.
Shuning uchun ham, urushga kirgan taraflar yo o‘zi, yoki dushmani to‘liq yengilmaguniga qadar davom etaveradi. Ukraina-Rossiya urushida esa, kuchlar nisbati o‘rtasidagi farq 5-10 foizdan oshmayapti.
Keyingi o‘n yilliklardagi eng katta o‘sish fenomeni – Xitoyda kuzatildi. Bu nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy va diplomatik o‘sish ham edi. Bugun dunyo iqtisodiyotidagi Xitoyning ulushi 18 foizni tashkil qiladi, Amerikaniki esa 15 foiz atrofida, ya’ni 3 foizga kichikroq.
Ukraina urushi fonida, ayniqsa, keyingi oylarda Pekinning salohiyati yanada oshmoqda. Bugun Pekin eng muhim o‘rtakash, vositachi, tinchlikparvar yoki kuchlar nisbatini o‘zgartiruvchi qudrat sifatida qabul qilinyapti.
Putin ham Xitoydan umid qilmoqda. Kollektiv G‘arb, avvalo, Yevropa ham Xitoyga yuzlanib, Rossiyaga harbiy va iqtisodiy yordam bermaslikni iltimos qilmoqda. Xitoy hech narsa qilmasdan, kuchlar nisbatini belgilovchi muhim davlat sifatida ko‘rila boshladi. Bunga sabab, Xitoyning global vazni nihoyatda kattalashib borayotgani bo‘ladi.
Xitoy ehtiroslar bilan qaror qabul qilmaydi. Bir tomondan Pekin Rossiya bilan birga AQShparast dunyoning yiqilishini orzu qiladi. Lekin boshqa tomondan Ukrainaning hududlari anneksiya qilinishini istamaydi. Rossiyaga qo‘shilib, Kollektiv G‘arb bilan aloqalarni pasaytirishni yoki yomonlashishini xohlamaydi.
Xitoy – juda vazmin, juda mulohazakor va uzoqni o‘ylovchi davlatdir. Ukraina-Rossiya urushi borasida ham Xitoy shunday qaror qabul qiladiki, ziddiyatdagi hech bir taraf to‘liq norozi ham bo‘lmaydi, to‘liq rozi ham bo‘lmaydi. Chunki Xitoyning siyosiy manfaatlari Rossiya tarafda bo‘lsa, savdo-iqtisodiy aloqalari ko‘proq Yevropa bilan, hududiy yaxlitlik kabi qadriyatlari esa Ukraina tarafida bo‘lishni taqozo qiladi.
Dunyoda asta-sekinlik bilan ko‘p qutblilik shakllanib bormoqda. Ukrainaga urush qilib Rossiya bu ko‘p kutblilik shakllanishini tezlashtirmoqchi edi. Lekin bu yo‘lda o‘zi qopqonga tushgan ko‘rinadi. Biroq dunyoda ko‘p qutblilik shakllanishi muqarrar bo‘lar ekan, ikkinchi global qutb sifatida Moskva emas, aynan Pekin ko‘riladi va bo‘ladi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13 / 21.11.2024
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
23:34 / 19.11.2024