O‘zbekiston | 15:24 / 11.04.2023
1485
2 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtning tibbiyot sohasidagi muammolari muhokama qilindi

4 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Toshkent shahar prokurori Erkin Yuldashev sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va nodavlat tibbiyot tashkilotlari rahbar-xodimlari bilan poytaxtda tibbiyot tizimidagi muammolar yuzasidan fikr almashdi.

Yangi O‘zbekiston davrining ilk yillaridan boshlab aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasini tubdan isloh qilish va takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida tibbiyot sohasining xususiy sektorini barqaror rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu munosabat bilan joriy yilning 4 aprel kuni poytaxt prokurori Erkin Yuldashev tashabbusi bilan shahar prokuraturasi, sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va nodavlat tibbiyot tashkilotlari rahbar va xodimlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tibbiyot sohasida xususiy sektor ulushini yanada oshirish, uning rivojlanishiga ko‘maklashish, soliq, bank va kommunal idoralar bilan bog‘liq muammolarni birgalikda hal qilish hamda faoliyatga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ochiq muloqot shaklida fikrlar almashildi.

Uchrashuvda aksariyat xususiy tibbiy muassasalar rahbarlari davlat rahbarining tegishli qarorlari bilan ularga soliq imtiyozlari berilgani munosabati bilan ushbu mablag‘larning muayyan bir qismini aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirish taklifini berdilar.

O‘z navbatida, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami orasidan shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va xususiy tibbiy muassasalar bilan hamkorlikda tibbiy xizmatga muhtoj bo‘lgan bemorlar to‘g‘risidagi ma’lumot shakllantirildi.

Hozirgi kunda xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va muolaja qilish ishlari boshlab yuborilgan.

Kelgusida bunday uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazishga kelishib olindi. 

Mavzuga oid