Jahon | 07:38 / 17.04.2023
3797
3 daqiqa o‘qiladi

Braziliya prezidenti Ukraina masalasida vositachilik qilmoqchi

Luis Inasio Lula da Silvaning fikricha, Ukrainada tinchlikka erishish uchun vositachilik guruhini G-20'ga o‘xshash holda tuzish mumkin.

Luiz Inasio Lula da Silva / Foto: AP

Braziliya prezidenti Luiz Inasio Lula da Silva Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bilan Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urushida tinchlikka vositachilik qilishni istaydi. Lula da Silva ushbu tashabbusni Xitoy va BAA rahbariyati bilan muhokama qilganini aytdi. Braziliya rahbari 16 aprel, yakshanba kuni inauguratsiyadan keyingi ilk tashrifini Abu-Dabiga amalga oshirdi.

Lulaning ta’kidlashicha, u Xitoy rahbari Si Jinping va BAA prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan vositachilik guruhini tuzish haqida gaplashgan. Uni G20'ga o‘xshatish orqali shakllantirish mumkin, deb hisoblaydi Braziliya yetakchisi. «G-20 inqirozga uchragan global iqtisodiyotni saqlab qolish uchun yaratilgan», - deya eslatdi u. Endi «ushbu urushni tugatish va tinchlikni ta’minlash uchun boshqa turdagi G20»ni yaratish muhim», dedi Lula da Silva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbusni allaqachon AQSh prezidenti Jo Bayden, Germaniya kansleri Olaf Shols, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Janubiy Amerikaning bir qancha davlat rahbarlari bilan muhokama qilgan.

«Yevropa va AQSh urushning davom etishiga o‘ziga xos tarzda hissa qo‘shishda davom etmoqda», - dedi Braziliya rahbari. U ulardan «muzokaralar stoliga o‘tirib, «yetarli» deyishini talab qildi. «Men vositachilik tashabbusi orqali «biz katta muvaffaqiyatlarga erishamiz» deb ishonaman», deya qo‘shimcha qildi Braziliya prezidenti.

Avvalroq, 15 aprel kuni Pekinga tashrifi chog‘ida Luis Inasio Lula da Silva Amerika Qo‘shma Shtatlarini Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatishga chaqirgan edi. Vashington «urushni rag‘batlantirishni to‘xtatib, tinchlik haqida gapirishni boshlashi kerak», dedi Lula jurnalistlarga. Braziliya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi ham «tinchlik haqida gapirishni boshlashi» lozim.

Mavzuga oid