Jahon | 07:39 / 18.04.2023
4780
2 daqiqa o‘qiladi

Shtaynmayyer Merkelga Germaniyaning eng oliy mukofotini topshirdi

Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan Germaniya federal prezidenti sobiq kanslerga mamlakatni ko‘plab inqirozlardan muvaffaqiyatli olib chiqqan «betakror siyosatchi» sifatida hurmat ko‘rsatdi.

Foto: AP

Federal prezident Frank-Valter Shtaynmayyer sobiq kansler Angela Merkelni Germaniyaning eng oliy ordeni – «Germaniya Federativ Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun» ordeni maxsus variantida Katta xoch ordeni bilan taqdirladi. Taqdirlash marosimi 17 aprel, dushanba kuni prezident qarorgohi, Berlindagi Belvyu saroyida bo‘lib o‘tdi.

Marosimda so‘zga chiqqan davlat rahbari sobiq kanslerga Germaniyani ko‘plab inqirozlardan muvaffaqiyatli olib chiqqan «betakror siyosatchi» sifatida hurmat ko‘rsatdi. 

«Siz misli ko‘rilmagan qiyinchiliklarga qaramay, mamlakatimizning yana iqtisodiy muvaffaqiyatlarga erishishiga yordam berdingiz», dedi Shtaynmayyer. Prezident, shuningdek, sobiq kanslerning o‘z lavozimida «g‘ayrioddiy uzoq vaqt davomida ishlaganini» ta’kidladi. 

«16 yil davomida siz Germaniyaga - donolik, ishtiyoq bilan xizmat qildingiz. 16 yil davomida siz erkinlik va demokratiya yo‘lida, mamlakatimiz va uning xalqi farovonligi yo‘lida mehnat qildingiz», - dedi davlat rahbari. Shtaynmayyerning so‘zlariga ko‘ra, uning hokimiyatda bo‘lgan davrida ko‘plab inqirozlar va favqulodda vaziyatlar kuzatilgan. Germaniya prezidenti ta’kidlashicha, bu bosqichdan «Federativ respublika kabi» bir nechta davlatlar omon qoldi.

«Germaniya Federativ Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun» ordeni 1951 yildan beri nemislarga, shuningdek, chet elliklarga siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy yoki intellektual sohalardagi yutuqlari uchun beriladi. Orden hech qanday moliyaviy mukofotni nazarda tutmaydi.

Mavzuga oid