Jahon | 23:51 / 18.04.2023
10287
2 daqiqa o‘qiladi

Tayvan Xitoy tajovuziga qarshi 400 ta raketa sotib oladi

Mamlakat rasmiylari armiyani Xitoy tajovuziga qarshi AQSh Harpoon raketalari bilan kuchaytirmoqchi. 

Foto: AFP/Getty Images

Tayvan Qo‘shma Shtatlardan kemaga qarshi 400 tagacha Harpoon raketalarni sotib olishni rejalashtirmoqda. Taybey buni Xitoy bosqini xavfi ortib borayotgan bir sharoitda amalga oshiradi, deb xabar berdi Bloomberg. 

7 aprel kuni Pentagon kemaga qarshi 400 ta raketani sotish bo‘yicha shartnoma imzolaganini ma’lum qildi. Bitim qiymati 1,17 milliard dollarni tashkil etdi, biroq AQSh shartnoma aynan kim bilan tuzilganini ma’lum qilmadi. Bloomberg manbalarining aytishicha, bu sherik — Tayvan. 

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, raketalarni ishlab chiqarish 2029 yil martigacha yakunlanishi rejalashtirilgan. 

AQSh rasmiylari kelishuv bo‘yicha batafsil izoh berishdan bosh tortdi. Biroq, Tayvan bo‘yicha alohida bayonot berdi. 

«Qo‘shma Shtatlar Tayvanga o‘zini-o‘zi mudofaa qilish qobiliyatini yetarli darajada ushlab turish uchun zarur bo‘lgan mudofaa mahsulotlari va xizmatlarini taqdim etmoqda», deyiladi bayonotda. 

Shu oyda AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti Kaliforniyada Tayvan prezidenti Tsay In Ven bilan uchrashdi va Xitoydan kelayotgan tahdidlar ortib borayotgan sharoitda Tayvanga qurol yetkazib berishni tezlashtirish zarurligini ta’kidlagan edi. 

Tayvan Xitoy faolligidan doimiy ravishda xavfsiraydi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi Pekin Taypeyga urush e’lon qilishini va «aslida o‘ziniki» deb hisoblagan hududlarni tortib olishni rejalashtirayotganini ta’kidlab kelmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid