O‘zbekiston | 10:37 / 19.04.2023
5170
2 daqiqa o‘qiladi

Senat raisi Tanzila Norboyeva YeI vakillari bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala hamda Yevropa ittifoqining inson huquqlari bo‘yicha vakili Eymon Gilmor bilan uchrashdi.

Foto: Senat.uz

Uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati hamda istiqbollari, jumladan parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Senat Raisi O‘zbekiston Yevropa ittifoqi bilan asosiy xalqaro hamkor sifatida o‘zaro manfaatli sheriklikni izchil rivojlantirishdan, bunda o‘zaro munosabatlarning barcha yo‘nalishlarini qamrab olish uchun birgalikda harakat qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidlab o‘tdi.

O‘zbekistonda insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash masalalari davlat siyosatida markaziy o‘rin tutadi. Mamlakatimiz o‘z tarixida ilk bor BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga (2021-2023) a’zo etib saylangani bu boradagi islohotlarimiz xalqaro miqyosda e’tirof etilganining yaqqol tasdig‘i bo‘ldi, degan Tanzila Norboyeva.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqlarini kafolatlash, ularning jamiyat va oiladagi mavqeyini mustahkamlash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qamrovi jihatidan kengayib borayotgan ikki tomonlama muloqotni amaliy mazmun bilan yanada boyitishga kelishib olindi.

Mavzuga oid