Jahon | 18:38 / 27.04.2023
15446
22 daqiqa o‘qiladi

Bayden yana saylanmoqchi. Uning imkoniyatlari qanday?

Uning birinchi muddati qanday o‘tdi? Ukrainani qo‘llash siyosati Joning reytingiga qanday ta’sir qildi? U bu safar ham Trampni yenga oladimi?

Patrick Semansky / AP / Scanpix / LETA

25 aprel kuni erta tongda AQSh prezidenti Jo Bayden ikkinchi prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yishini ma’lum qildi. Jo hozir 80 yoshda, uning reytingi juda pastligicha qolmoqda. Baydenning prezident sifatidagi dastlabki ikki yili turli muvaffaqiyatsizliklarga boy bo‘ldi. Shunga qaramay, Bayden bir nechta keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirdi va ular kelgusi saylov kampaniyasining muhim qismi bo‘lishi mumkin. «Meduza» nashri Baydenning birinchi prezidentlik muddatining oraliq natijalarini sarhisob qildi va uning qayta saylanish ehtimoli qanchalik yuqori ekanini o‘rgandi.

Baydenning ikkinchi muddatga ham saylanish uchun harakat qilish qarori ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Prezidentning o‘zi ham, uning rafiqasi Jill ham bu haqda e’lon qilish vaqt masalasi ekanini bir necha bor ta’kidlagandi. 25 aprel kuni ertalab e’lon qilingan videoda Bayden 2024 yilgi saylovlarda ishtirok etishi aytilgan. Video «ishni tugatib qo‘yish» iborasi atrofiga qurilgan — Bayden so‘nggi oylarda bu iborani doimiy ravishda takrorlab kelmoqda (birgina fevral oyidagi Kongressga yillik murojaatida, u 13 marta bu gapni tilga oldi).

Amaldagi prezidetning ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yishi g‘ayrioddiy hodisa emas: AQShning 45 prezidentidan faqat olti nafari o‘z ixtiyori bilan qayta saylanishdan voz kechgan. Bu oxirgi marta 1968 yilda sodir bo‘lgandi: Viyetnam urushi tufayli mashhurligini yo‘qotgan Lindon Jonson partiya praymerizlarida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘ymaslikka qaror qilgan edi.

Sharhlovchilar Baydenning qayta saylanish qaroriga faqatgina uning yoshi tufayli shubha bildirishmoqda: Jo hozir 80 yoshda, ikkinchi muddati oxiriga borib 86 yoshga to‘ladi, bu AQShdagi erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish yoshidan to‘qqiz yilga ko‘proq. Shu bilan birga, prezident muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turadi. 2023 yil fevralida uning shaxsiy shifokori Bayden sog‘lomligi va prezident lavozimini egallashga tayyorligini ma’lum qildi.

Nega Baydenning reytingi past?

Bayden boshqaruvini ma’qullash reytingi 2021 yil kuzidan beri salbiy bo‘lib qolmoqda. Bu Bayden ma’muriyati so‘nggi ikki yil ichida boshdan kechirgan bir qator inqirozlar bilan bog‘liq.

Bayden Tramp tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirganidan ikki hafta o‘tib prezident lavozimiga kirishgandi. Tartibsizliklardan so‘ng Adliya vazirligi mingdan ortiq odamga turli jinoiy ayblovlar qo‘ydi. 607 nafar ayblanuvchining 58 foizi yetti kundan 10 yilgacha, o‘rtacha ikki oydan qamoq jazosiga hukm qilindi.

Biroq tergov ishlari hali ham davom etmoqda: hozir Adliya vazirligi Tramp va uning ma’muriyati vakillarining tartibsizliklardagi rolini o‘rganmoqda. Avvalroq Vakillar palatasining o‘z tekshiruvini o‘tkazgan qo‘mitasi ularga nisbatan ayblov qo‘yishni tavsiya qilgan edi. Baydenning o‘zi bu tergovdan imkon qadar uzoqlashdi. Bosh prokuror Merrik Garland esa mustaqil maxsus prokuror Jyek Smitni, Kapitoliy ishi bilan birga Trampning uyidagi maxfiy hujjatlarni saqlash ishini tergov qilish uchun ham tayinladi.

Biroq, Bayden prezidentligining dastlabki oylaridagi asosiy muammo koronavirus epidemiyasi edi: uning inauguratsiyasi kunlarida AQShda har kuni bir necha ming kishi ushbu kasallikdan halok bo‘layotgandi. Uch yil ichida AQShda kasallik va uning oqibatlari sabab bir milliondan ortiq odam vafot etdi, bu rivojlangan mamlakatlar orasida ham mutlaq, ham nisbiy jihatdan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir.

Shu bilan birga, Bayden ma’muriyati test tizimini keng miqyosda joriy etishga, shuningdek, vaksina ishlab chiqarishni bir necha barobarga oshirishga erishdi. Buning sharofati bilan epidemiyaning birgina birinchi yilida 500 million dozadan ortiq vaksina tarqatildi va aholining qariyb 75 foizi emlandi. Ammo, Bayden ma’muriyati koronavirus mavzusini siyosatdan uzoqlashtira olmadi: mamlakatning chekka hududlarida emlash darajasi past, o‘lim darajasi esa yuqori edi.

Hatto vaksinatsiya bilan bog‘liq qiyinchiliklar fonida ham, Baydenning ma’qullanish reytingi birinchi olti oyda yuqoriligicha qolgandi — bu deyarli har yangi prezident davrida takrorlanadi.

Bayden ma’muriyati AQSh qo‘shinlari Donald Tramp davrida «Tolibon» bilan erishilgan kelishuvga muvofiq Afg‘onistonni tark etishiga va’da berdi. Ammo bu kelishuv janglarni davom ettirgan afg‘on hukumati ishtirokisiz amalga oshirilgandi. Natijada, 2021 yil 11 sentabrga belgilangan evakuatsiya «Tolibon»ning tezkor hujumi sababli avgust oyiga ko‘chirildi. Evakuatsiya shoshilinch o‘tkazildi. Amerika elchixonasi xodimlari mamlakatni tark etishga urinayotgan minglab afg‘onlar tomonidan qurshab olingan Kobul aeroportiga shoshilinch tarzda yetkazildi. 26 avgust kuni esa aeroportga kiraverishda portlash ro‘y berdi, 160 ga yaqin kishi qurbon bo‘ldi, ular orasida 13 nafar amerikalik askar ham bor edi.

Bunday evakuatsiya Baydenning obro‘siga jiddiy zarba berdi, uning reytingi 42-44 foizga tushib ketdi va hanuz shu darajada saqlanib qolmoqda.

Tashqi siyosatdagi yana bir tendensiya Xitoy bilan munosabatlar yomonlashuvi bo‘ldi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi raqobat ancha vaqtdan beri davom etmoqda, Tramp davrida hatto to‘liq savdo urushi ham boshlangandi. Lekin so‘nggi yillarda vaziyat og‘irlashdi. 2022 yil 2 avgust kuni Vakillar palatasining o‘sha vaqtdagi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga rejadan tashqari tashrifi amalga oshirildi, 2023 yil yanvar-fevral oylarida esa Montana va Kanzasdagi AQSh harbiy bazalari ustidan Xitoyning josuslik sharlari uchib o‘tdi.

Bundan tashqari, Bayden ma’muriyati Xitoy kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Munosabatlar yomonlashuvi AQShda Tik-Tok’ni taqiqlash va Xitoy bilan raqobat bo‘yicha Vakillar palatasining alohida qo‘mitasini yaratish taklifi bilan tezlashdi.

Inflatsiyaning so‘nggi yil 40 yil ichidagi rekord darajada o‘sishiga tashqi siyosiy keskinlik ham ta’sir qildi. 2022 yilda inflatsiya eng yuqori cho‘qqiga chiqdi va 9,1 foizga tashkil etdi. Koronavirus inqirozidan chiqishdagi iqtisodiyotning keskin pasayishi ta’minot zanjirlari uzilishi va kompyuter chiplaridan tortib energiya tashuvchilarigacha bo‘lgan keng turdagi tovarlar yetishmasligi bilan bog‘liq edi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini boshlanishi esa global oziq-ovqat, o‘g‘it, gaz va neft bozorlariga beqarorlik olib keldi. Federal zaxira tomonidan asosiy stavka bir necha bor oshirilganidan so‘ng inflatsiya darajasi 5 foizgacha tushdi, ammo yuqori narxlar hali ham jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda (buni ijtimoiy so‘rovnomalar ham tasdiqlaydi).

Respublikachilarning Baydenni tanqid qilishiga yana bir sabab Meksika bilan chegaradagi migratsiya inqirozi bo‘ldi. 2022 yil may oyida migrantlar soni rekord darajaga yetib, 224 ming kishini tashkil etdi. 2023 yilda bu ko‘rsatkich pasayishni boshladi, ammo hali ham ancha yuqori darajada qolmoqda.

Shu bilan birga, Bayden ma’muriyati Trampning migratiya islohotini birdaniga bekor qilmadi. Misol uchun, migrantlarni tezlashtirilgan deportatsiya qilish dasturi, shuningdek, boshpana so‘rash arizasini chegarani kesib o‘tishdan oldin ko‘rib chiqish qoidasi saqlanib qoldi. Ba’zi chora-tadbirlar 2023 yil may oyida o‘z faoliyatini to‘xtatadi, ularning o‘rniga Oq uy allaqachon migratsiya rejimini kuchaytirish bo‘yicha yangi choralarni tayyorlamoqda. Ammo bu cheklovlar liberal faollar tanqidiga sabab bo‘lmoqda va ular bu chekovlarga sudda e’tiroz bildirmoqchi.

Chegara patrul xizmati xodimi va Haitidan kelgan migrantlar Amerika-Meksika chegarasida. 2021 yil 10 sentabr
Paul Ratje / AFP / Scanpix / LETA

Nihoyat, demokratlar Vakillar palatasi ustidan nazoratni yo‘qotishi tufayli ham Baydenning pozitsiyasi zaiflashdi. Respublikachilar noyabr oyida, Kongressning quyi palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgach, Bayden va uning oilasi, Afg‘onistondan qo‘shinlarning olib chiqilishi va Meksika bilan chegaradagi vaziyat yuzasidan bir qancha tekshiruvlar boshladi. Bundan tashqari, konservatorlar defolt tahdidi ostida budjet taqchilligini keng ko‘lamda qisqartirishni talab qilib, davlat qarzi limitini oshirishdan bosh tortmoqda. Aftidan, Baydenning barcha tashabbuslari endi muntazam Kongressda qolib ketadi.

Ko‘rinishidan hammasi juda yomon. Ammo Bayden nimadir yaxshi ish qilishga ulgurdimi?

Kongress quyi palatasidagi yo‘qotishlarga qaramay, oraliq saylovlar natijasi Baydenning haqiqiy g‘alabasi bo‘ldi. Hukmron partiya uchun odatiy mag‘lubiyat o‘rniga demokratlar Senatdagi fraksiyani ko‘paytirishga va bir necha gubernatorlik postini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu muvaffaqiyat ko‘p jihatdan prezident tomonidan olib borilayotgan islohotlar ommaviyligi bilan bog‘liq va bu islohotlar Baydenning yangi saylov kampaniyasi asosiga aylanishi mumkin.

Bayden ikki yil ichida ijtimoiy ta’minot tizimini yangilashga ulgurdi. U korporatsiyalar va eng boy amerikaliklar uchun soliqlarni oshirdi, mamlakatni tengsizlikni kamaytirish va kam uglerodli iqtisodiyot yo‘liga o‘tkazdi. Barcha loyihalar qisqartirilgan shaklda qabul qilindi, ammo shuning o‘zini ham Oq uy uchun muvaffaqiyat deb hisoblanishi mumkin.

Birinchi islohot amerikaliklar va korona-inqirozidan chiqqan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan 1,9 trillion dollarlik Amerika qutqaruv rejasi (American Rescue Plan) edi. U ko‘pchilik amerikaliklar uchun bir qator naqd to‘lovlar, ishsizlik bo‘yicha yuqori nafaqalar, kichik biznes kreditlari va bolalar nafaqalarini joriy qilishni o‘z ichiga olgan. Ushbu reja sharofati bilan AQShda qashshoqlik darajasi taxminan uchdan birga, bolalar qashshoqligi esa yarmidan ko‘proqqa kamaydi.

Bundan tashqari, ushbu yordam ko‘plab amerikaliklar uchun «moliyaviy yostiq» yaratdi, ular bu orqali o‘zlariga mos ish qidirishga ko‘proq vaqt sarflashlari yoki hatto eskisini tashlab ketishlari mumkin bo‘ldi. 2022 yilda AQShda rekord darajada — 50,5 million kishi ishdan bo‘shagan. Qisqa muddatli kelajakda bu mehnat bozorida tanqislik keltirib chiqardi, ish beruvchilarni ish haqini oshirishga majbur qildi.

Eng kam maosh oladigan ishchilarning maoshi sezilarli darajada oshdi: agar 2019 yilda barcha ishchilarning deyarli yarmi soatiga 20 dollardan kam maosh olgan bo‘lsa, hozir ularning uchdan bir qismi shuncha maosh oladi. Ko‘p yillardan beri birinchi marta oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishchilarning ish haqi universitet bitiruvchilarinikiga qaraganda tezroq o‘sib bormoqda. Oxirgi 40 yil davomida kuchayib borayotgan ish haqi tengsizligi esa taxminan to‘rtdan birga kamaydi. Shuningdek, ishsizlik darajasi 3,4 foizga tushdi — bu so‘nggi yarim asrdagi rekord daraja.

Baydenning navbatdagi qadami AQShda doimiy ravishda kam moliyalashtiriladigan infratuzilmani keng ko‘lamda isloh qilish bo‘ldi. Tramp ham buni va’da qilgandi, lekin uning ma’muriyatining ustuvor yo‘nalishi korporatsiyalar va millionerlar uchun soliqlarni kamaytirish edi — hukumatning barcha tarmoqlari to‘liq nazoratga olinganiga qaramay, infratuzilmaga sarmoya kiritish rejasi memga aylandi va Kongressgacha yetib bormadi. Baydenning rejasi kattaroq edi: uning islohoti nafaqat texnik inshootlarga investitsiyalar kiritishni, balki maktablar va qariyalar uylari kabi ijtimoiy infratuzilmani yangilashni ham o‘z ichiga olgandi.

Respublikachilar qarshiligi Oq uyni xarajatlar paketini ikkiga bo‘lishga majbur qildi. Birinchi paket infratuzilmaning o‘ziga investitsiyalar kiritishni o‘z ichiga oldi: avtomobil yo‘llari, temiryo‘llar hamda ko‘priklar qurish va ta’mirlash, jamoat transporti, portlar va aeroportlarni modernizatsiya qilish, keng tarmoqli internet va elektr transportini quvvatlantirish stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish uchun o‘nlab milliard dollar mablag‘ ajratildi.

Islohotning bu qismi shu qadar ommabop bo‘ldiki, Senatdagi 50 respublikachidan 19 nafari demokratlarga qo‘shildi. Loyiha budjeti 550 milliard dollarga qisqartirildi (yana 650 milliard dollar mavjud dasturlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi), biroq shunda ham ushbu qonun loyihasi baribir 70 yildagi eng yirik infratuzilma investitsiyalari paketi bo‘lib qolmoqda. Biroq, 2024 yil noyabrida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarigacha bor-yo‘g‘i 145 milliard sarflanadi (va ulardan foydani yanada uzoqroq kutish kerak).

Loyihaning ikkinchi qismi dastlab Senatdagi konservativ demokratlar bilan kelishmovchiliklar tufayli to‘xtab qoldi. Qiyin o‘tgan muzokaralardan so‘ng senatorlar ba’zi soliq bo‘shliqlarini yopish va korporativ soliqlarni oshirish, shuningdek, millionlab amerikaliklar uchun dori-darmon narxini pasaytirishga kelishib oldi. Islohot, shuningdek, iqlim va energetika sohasiga rekord darajadagi sarmoya kiritishni nazarda tutadi: uylarning energiya samaradorligini oshirish uchun soliq imtiyozlari berish, elektr transport vositalarini sotib olish, quyosh panellari va shamol turbinalarini o‘rnatish. Bu issiqxona gazlari chiqindilari ulushini 2005 yildagi eng yuqori cho‘qqiga nisbatan 40 foizga kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu qonun loyihasi yangi «Inflatsiyani pasaytirish to‘g‘risida qonun» nomi bilan qabul qilindi va muzokaralar davomida xarajatlar ikki trilliondan 737 milliard dollarga kamaytirildi. Bundan tashqari, undan ko‘plab yangiliklar, masalan, doimiy bolalar nafaqasini joriy etish olib tashlandi.

2022 yil avgust oyida Bayden tomonidan faol ilgari surilgan CHIPS qonuni qabul qilindi. Unga ko‘ra, ilmiy tadqiqotlar uchun 280 milliard dollar, shu jumladan, AQShda yarimo‘tkazgich chiplari ishlab chiqaradigan zavodlar qurish uchun 53 milliard dollar ajratildi. Bu tashabbus bilan Bayden Trampning AQShda ishlab chiqarilgan tovarlarni sotib olishga chaqiruvchi «iqtisodiy millatchiligi»ga taqlid qiladi. Va aftidan, bu strategiya ishlamoqda: 2022 yilda yangi sanoat korxonalarini qurishga kiritilgan sarmoya 108 milliard dollarga yetgan.

O‘shanda Bayden ta’lim kreditlari bo‘yicha qarzlar bekor qilinishini e’lon qildi. Bu qadam uzoq vaqtdan beri kutilayotgandi: Amerika talabalari krediti qarzining umumiy miqdori deyarli 1,6 trillion dollarni tashkil etadi. Biroq, kreditni hisobdan chiqarish dasturi sud tomonidan vaqtincha bloklangan. Hozirda uning konstitutsiyaga muvofiqligi Oliy sudda ko‘rib chiqilmoqda.

Baydenning yana bir eski va’dasi – qurol nazoratini kuchaytirish edi. Prezidentligining ikki yili davomida u o‘zining qo‘llovi bilan qabul qilingan va 1994 yildan 2004 yilgacha amalda bo‘lgan avtomatlarni sotishga qo‘yilgan taqiqni tiklashga faol ravishda da’vat qildi. Ammo Milliy o‘qchilar tashkiloti va respublikachi senatorlarning qarshiliklari tufayli bu taqiq tiklanmadi. Shunga qaramay, Texas va Nyu-Yorkdagi ommaviy qotilliklardan so‘ng, Kongress baribir qurol sotib olishga yangi cheklovlar kirituvchi qonun loyihasiga ovoz berdi.

Tashqi siyosatda Baydenning asosiy muvaffaqiyati – Rossiya bilan urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi ichki va xalqaro koalitsiyalarni saqlab qolish bo‘ldi. Baydenning pozitsiyasi respublikachilar va so‘l qanot demokratlar tomonidan faol tanqid qilinadi — har ikki tomonning populistlari prezident mamlakat ichidagi muammolarga e’tibor qaratishi kerak, deb hisoblaydi. Ammo Oq uy konsensusni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Prezidentning o‘zi ham uning ma’muriyati Kiyevni qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashini bir necha bor ta’kidladi.

Umuman olganda, urush boshlanganidan beri Bayden ma’muriyati Kiyev uchun harbiy, moddiy va moliyaviy yordam ko‘rinishida 35 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratgan. Shuningdek, prezident taklifi bilan Rossiya, uning mansabdor shaxslari, Rossiya Federatsiyasi bilan aloqador shaxslar va kompaniyalarga nisbatan ko‘plab sanksiyalar joriy etildi.

Bayden Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatuvchi AQShning NATOdagi ittifoqchilari birligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. 2022 yilda Yevropa davlatlarining mudofaa sohasiga sarflagan xarajatlari jami 13 foizga oshdi, bu 1989 yildan buyon eng sezilarli o‘sish bo‘ldi. Trampning NATO davlatlariga qo‘ygan mudofaa xarajatlarini oshirish haqidagi talablari Bayden davrida amalga oshirilgani esa o‘ziga xos istehzoli holat.

Bayden o‘zining sevimli «aviator» ko‘zoynagida. 2022 yil 6 oktyabr
Drew Angerer / Getty Images

Umumiy fon qanday? Bayden saylovlarda g‘alab qozona oladimi?

Prezidentlik saylovlari 2024 yil 5 noyabrida bo‘lib o‘tadi. Respublikachilar partiyasi va Demokratlar partiyasi kelasi yil yoziga qadar o‘z nomzodlari to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilishi kerak. Prezident partiyasining nufuzli siyosatchilari amaldagi prezidentning ikkinchi muddatga saylanish huquqini deyarli har doim hurmat qiladi va odatda unga qarshi chiqmaydi – masalan, 2020 yilgi praymerizda (partiyaning ichki saylovi) ikkinchi o‘rinni egallagan Berni Sanders allaqachon Bayden nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Biroq bu praymerizda prezidentning umuman raqiblari bo‘lmaydi, degani emas.

Faqat ikkita taniqli demokrat saylovda ishtirok etishini rasman e’lon qildi: Marianne Uilyamson va kichik Robert Kennedi.

Uilyamson motivatsion ma’ruzachi va shaxsiy o‘sish bo‘yicha bir qancha besseller kitoblar muallifi, u teleboshlovchi Opra Uinfrining «ma’naviy ustozi» sifatida ham shuhrat qozongan. Marianne 2020 yildayoq demokratlarning prezidentlik praymerizida qatnashishga urinib ko‘rgan, biroq reytingi pastligi sababli birinchi shtatdagi ovoz berishdan oldin poygadan chiqib ketgan.

Kichik Robert Kennedi — AQShning 35-prezidenti Jon Kennedining jiyani va uning ukasi, sobiq bosh prokuror Robert Kennedining o‘g‘li (ikkisi ham suiqasd oqibatida o‘ldirilgan). U o‘zini ashaddiy anti-vaksinator sifatida ko‘rsatadi va ko‘p yillardan beri ochiqdan ochiq fanga qarshi pozitsiyani egallab keladi: masalan, siyosatchi vaksinalar bolalarda autizm spektri buzilishiga olib kelishini bir necha bor ta’kidlagan. Aynan shu sababli, bir vaqtlar nufuzli siyosiy klan vakili bo‘lgan ko‘plab qarindoshlari undan uzoqlashdi va uning ijtimoiy tarmoqlardagi bloglari hamda akkauntlari bloklandi. Bundan tashqari, kichik Kennedi Ukrainaga yordam berishga qarshi.

Ikkala raqobatchining ham imkoniyatlari past, biroq Bayden ular bilan debatlarda qatnashish yoki qatnashmasligini hal qilishi kerak.

Respublikachilarning praymerizlari esa ancha raqobatbardosh: olti nafar siyosatchi allaqachon o‘z nomzodini rasman ilgari surgan. Ishtirokchilar soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, ekspertlar ko‘p yillik favoritlarni g‘alaba uchun asosiy da’vogarlar deb hisoblamoqda: Donald Tramp va Florida gubernatori Ron Desantis. Gubernator hali praymerizda ishtirok etishini rasman e’lon qilmagan, ammo saylovoldi kampaniyasini aniq boshlagan.

Ron Desantis. Foto: The New York Times 

Ron Desantis — Respublikachilar partiyasidagi dong taratayotgan yulduz bo‘lib, 2022 yilda gubernatorlik uchun saylovda deyarli 20 foiz farq bilan ikkinchi muddatga qayta saylandi. Uning rahbarligi ostida Florida iqtisodiyoti haqiqiy yuksalishga erishdi. Bundan tashqari, 44 yoshli siyosatchi 80 yoshli Bayden va 76 yoshli Tramp bilan solishtirganda ayniqsa yorqinroq ko‘rinadi.

Shu bilan birga, Desantis abortni cheklash, qurol olib yurishni osonlashtirish va transgender o‘tish operatsiyalarini taqiqlash kabi AQSh jamoatchiligi uchun nomaqbul qonun loyihalarini imzoladi. Gubernator shtat maktablari va universitetlarida ham «gender mafkurasi»ga qarshi faol kurash olib bormoqda.

So‘rovnomalarga ko‘ra, Desantis Bayden uchun juda noqulay raqib bo‘ladi — ammo praymerizda mag‘lub bo‘lgan Tramp boshqa respublikachini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishi mumkin. Desantis va Tramp konservativ elektoratni o‘zaro ikkiga bo‘lish orqali, Baydenga g‘alabani o‘zlari sovg‘a qiladi — bunday voqea AQSh tarixida avval ham sodir bo‘lgan.

Lekin, Trampning Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lishi ehtimoli ancha yuqori — bu saylovda mag‘lub bo‘lgan, ammo qasos olishdan umidini uzmagan sobiq prezidentning juda kam uchraydigan namunasi. Tramp rasman jinoiy ishda ayblanganiga qaramay, poyga peshqadami bo‘lib qolmoqda. Va bu hatto uning respublikachilar orasida mashhurligini ham oshirdi.

Biroq Baydenning Trampga qarshi poygasi antireytinglar raqobatiga aylanib qolish xavfi bor: yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 70 foizi Baydenning saylovda qatnashishini istamaydi, 60 foizi esa Trampning saylovlarga borishiga qarshi.

Mavzuga oid