Tayvan qanday geostrategik ahamiyatga ega?
Qariyb 70 yildan beri AQSh va Xitoy o‘rtasida «tutab turuvchi» mojaro alanga olishi mumkinmi?
Bir necha o‘n yillardan beri Tayvan bo‘g‘ozi Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi potensial keskinlik nuqtasi bo‘lib keladi. G‘arbiy Tinch okeanining boshqa hech bir joyida XXR va AQSh manfaatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashmaydi.
Vashington tomoni rasman «yagona Xitoy» siyosatiga amal qiladi va faqat Pekinni tan oladi; Tayvan bilan emas, aynan XXR bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Shu bilan birga, Tayvan bilan ittifoqchilik munosabatlarini ham saqlab keladi.
Xitoy esa Tayvanni XXR tarkibiga kiruvchi isyonkor provinsiya deb biladi. AQShning Tayvan mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashi haqidagi har qanday bayonotini Xitoy tomoni “qizil chiziq”ni kesib o‘tish sifatida baholaydi.
Nima uchun Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi raqobatda Tayvan muhim geostrategik ahamiyat kasb etadi?
Birinchidan, geoiqtisodiy tomondan Tayvan Xitoy taraqqiyoti uchun mislsiz darajada muhim. Zamonaviy XXR dengizlarga qaram bo‘lgan quruqlik davlatidir. Xitoy oziq-ovqat, xomashyo va energiya resurslarining juda katta qismini import qiladi, shuningdek, tayyor mahsulotlarini bozorga chiqarishi kerak. Bularning barchasi dengiz yo‘llari orqali amalga oshiriladi.
1980 yillardan boshlab Den Syaopinning iqtisodiy islohotlari davrida Xitoyning iqtisodiy markazlari mamlakat ichki qismidan qirg‘oqqa ko‘chdi. Maxsus iqtisodiy zonalarning ko‘pchiligi qirg‘oq hududlarda tashkil etildi va iqtisodiy rivojlanish mamlakatning qirg‘oq shaharlarida to‘plandi.
Tayvan bo‘g‘ozi esa Xitoy, Yaponiya, AQSh va Yevropa o‘rtasidagi asosiy yuk tashish yo‘li hisoblanadi. Shanxay, Ningbo, Shenchjyen va Guanchjou kabi dunyodagi eng katta va gavjum portlarning barchasi Tayvan bo‘g‘ozining to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshisidagi qirg‘oqda joylashgan. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning birinchi yarmida dunyodagi eng yirik savdo kemalarining 88 foizi ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tgan. Umuman olganda, Tayvan ustidan nazorat o‘rnatish Xitoyga o‘zining asosiy strategik markazlari uchun ham iqtisodiy, ham harbiy jihatdan qalqon yaratadi.
Ikkinchidan, Tayvan mikrochip sanoatidagi asosiy o‘yinchi hisoblanadi. Bir necha yildan beri Xitoy va AQSh o‘rtasida davom etayotgan texnologik dominantlik uchun raqobatda bu juda muhim omil sifatida ko‘riladi. Shu nuqtayi nazardan, smartfonlar, kompyuterlar, transport vositalari, sun’iy intellektga tayanadigan qurol tizimlari va boshqa yuqori texnologiyali sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun muhim quvvatlar jamlangan hudud bo‘lgan Tayvan ustidan nazorat Pekin va Vashington uchun juda muhimdir.
Tayvanda joylashgan UMC, TSMC va boshqa kompaniyalar tomonidan jahon yarimo‘tkazgichlarining 60 foizidan ko‘proq qismi ishlab chiqariladi.
Uchinchidan, Tayvan aholisining katta qismi Xitoy bilan qayta birlashish va kommunistik rejim bilan siyosiy jihatdan bog‘lanishni xohlamaydi. Yetmish yildan ortiq vaqt davomida rasmiy Pekin tayvanliklarga jozibador birlashish modelini taqdim etolmadi. Xitoyning Gonkongda amalga oshirgan harakatlari esa “bir davlat, ikki tizim” modelini amalda tugatdi.
Tayvanning to‘la mustaqillikka yoki mavjud status-quo’ni saqlab qolishga urinishi Xitoy kommunistik «imorat»ining to‘la shakllanishiga imkon bermaydi. Aksincha, Tayvan demokratiyasi Xitoy xalqiga «noto‘g‘ri» g‘oyalarni singdirishi mumkin.
O‘z navbatida, AQShning eng yaqin hamkorlari doimo demokratik davlatlar bo‘lib kelgan. Tayvanni yo‘qotish esa Amerikaning demokratiyani yoyishni nazarda tutuvchi global qadriyatlarga asoslangan siyosatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va AQSh-XXR o‘rtasidagi mafkuraviy raqobatning asosiga zarba beradi.
To‘rtinchidan, agar AQSh Xitoyga Tayvanni egallashga ruxsat bersa va javob harakati amalga oshirmasa, Yaponiya, Avstraliya, Hindiston hamda dunyoning shu qismidagi barcha boshqa davlatlar, jumladan, Janubiy Koreya ham AQSh bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqadi. Bu esa Xitoyga qo‘shnilariga bosim o‘tkazish uchun ulkan geografik va strategik afzalliklar beradi hamda AQShning mintaqadagi ta’sirini keskin ravishda cheklab qo‘yadi.
Doston Ahrorov
Mavzuga oid
17:55
Xitoy Filippinning dengiz zonalariga oid qonuniga javoban patrullikni kuchaytiradi
15:18
«Qarz qopqoni»: Xitoy tasarrufiga o‘tgan Shri Lanka porti
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024