O‘zbekiston | 16:07 / 30.04.2023
10427
2 daqiqa o‘qiladi

Reportaj: Poytaxtdagi referendum uchastkalarida ovoz berish davom etmoqda

Toshkent shahridagi referendum uchastkalarida fuqarolarning yangi tahrirdagi Konstitutsiya uchun ovoz berish jarayoni davom etyapti. Kun.uz muxbiri jarayonni kuzatish maqsadida Chilonzor tumanidagi 3 ta referendum uchastkasida bo‘ldi.

Dastlab 128-maktabda tashkil etilgan 279-referendum uchastkasida bo‘ldik. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda 2 422 nafar ovoz beruvchi ro‘yxatga olingan.

Referendum ertalab soat 8:00da O‘zbekiston Respublikasining madhiyasi bilan boshlandi. Madhiya tugashi bilan referendum uchastkamizga kuzatuvchi sifatida Ozarboyjon Respublikasi Milliy demokratik partiyasi a’zolari kelishdi hamda ijobiy baho berib ketishdi. Fuqarolarning kayfiyati a’lo, siyosiy tadbirda faol qatnashishmoqda. Hattoki, jarayon boshlanmasidan oldin, soat 7:55da ham kelib, navbatga turib olishdi”, – dedi 279-referendum uchastkasi raisi Dilnoza Ibragimova.

Shundan so‘ng tumandagi pedagogika kollejida tashkil etilgan 281-referendum uchastkasida bo‘ldik. Kunning yarmiga borgan bo‘lsa-da, hududdagi ovoz beruvchilar qadami uzilmagan. Referendum uchastkasi raisiga ko‘ra, bu yerda 1 574 nafar ovoz beruvchi ro‘yxatga olingan. Hozirda fuqarolarning kelishi davom etmoqda.

Jarayonni kuzatishdagi so‘nggi manzilimiz Toshkent avtomobil va yo‘llar texnikumidagi 280-referendum uchastkasi bo‘ldi. Qayd etilishicha, bu uchastkaga Kamolon mahallasidagi 2 359 nafar fuqaro ovoz berish uchun biriktirilgan. Uchastka raisiga ko‘ra, kunning yarmiga bormasdan ovoz beruvchilarning 70 foizdan ortig‘i o‘z konstitutsion huquqidan foydalanish uchun tashrif buyurgan.

 

Mavzuga oid