O‘zbekiston | 18:45 / 02.05.2023
37799
4 daqiqa o‘qiladi

Hokimlarning o‘rinbosarlari soni keskin qisqarishi mumkin

Prezident qarori loyihasida 2023 yil 1 dekabrdan boshlab viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘rinbosarlarining cheklangan soni 3 nafar etib belgilanmoqda. Hozirda ayrim hududlarda hokimning o‘nga yaqin o‘rinbosari bor.

Kun.uz ixtiyoriga mahalliy ijro etuvchi davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan prezident qarori loyihasi kelib tushdi. Unda “quyi”ni ixchamlashtirish borasida qator vazifalar amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Ayrim vazirliklarning hududiy bo‘linmalari hokimliklarga bo‘ysundiriladi

Hujjatga ko‘ra, quyidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hududiy bo‘linmalari tegishlicha viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasi hamda bo‘ysunuviga o‘tkaziladi:

  • 2023 yil 1 dekabrdan boshlab Qishloq xo‘jaligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Madaniyat va turizm vazirliklari, shuningdek, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari;
  • 2024 yil 1 martdan boshlab Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari.

Belgilanishicha, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hududiy bo‘linmalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi, ularning faoliyatini monitoring qiladi, muvofiqlashtiradi va uslubiy jihatdan ta’minlaydi, bo‘linmalar xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini tashkil etadi. Viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari hududiy bo‘linmalar faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, ularga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini tashkil etadi, rahbarlari va xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi, faoliyatini moliyaviy, moddiy-texnik va tashkiliy jihatdan ta’minlaydi.

Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy budjetdan ajratilgan mablag‘lar doirasida hamda hududdagi ehtiyoj va sharoitlardan kelib chiqib mustaqil ravishda hududiy bo‘linmalarning muayyan tuman bo‘linmalarini tashkil etish yoki ularni tumanlararo shaklda tuzish hamda ularning tuzilmasi va shtat birliklarini tasdiqlash vakolati ham berilmoqda.

Hokim o‘rinbosarlari soni qisqaradi

Qaror loyihasiga ko‘ra, 2023 yil 1 dekabrdan boshlab viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘rinbosarlarining cheklangan soni 3 nafar etib belgilanadi.

Bunda, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘rinbosarlarining quyidagi sohalar bo‘yicha shaxsiy javobgarligi o‘rnatiladi:

  • iqtisodiy rivojlanish sohasi (moliya-iqtisodiyot, tadbirkorlik, qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirishga oid masalalar);
  • ijtimoiy rivojlanish sohasi (aholi bandligi, sport, yoshlar siyosati, turizm va ma’naviy-ma’rifiy ishlarga oid masalalar);
  • infratuzilmani rivojlantirish sohasi (qurilish, kommunal xo‘jalik, obodonlashtirish, ekologiyaga oid masalalar).

Shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo, Yoshlar siyosati va sport, Madaniyat va turizm vazirliklarining Toshkent shahridagi tuman bo‘linmalari ularning vazifa va funksiyalarini tegishli Toshkent shahar bosh boshqarmalariga o‘tkazgan holda tugatiladi. 

Ma’lumot o‘rnida, hozirda eng ko‘p o‘rinbosarga ega hokim Toshkent shahar hokimi hisoblanadi: poytaxt hokimida 9 nafar o‘rinbosar bor. Viloyat hokimliklarida esa 6-8 nafar o‘rinbosar faoliyat yuritadi.

Mavzuga oid