O‘zbekiston | 14:56 / 08.05.2023
36022
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda prezidentlik saylovi 9 iyulga belgilandi

Yangilangan Konstitutsiyaga ko‘ra, prezident vakolat muddati hozirgi 5 yildan 7 yilga oshirilgan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidentining farmoniga muvofiq, muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovi 2023 yil 9 iyul kuniga tayinlandi.

«O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 110 va 128-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 66-moddasiga asosan 2023 yil 9 iyul kuniga muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi tayinlansin.

Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga yuborilsin», deyilgan hujjat matnida.

Ma’lumot uchun, 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazilib, o‘zgarishlarni 90 foizdan ortiq saylovchilar ma’qullashdi. Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlardan biri davlat boshqaruvidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lib, unga ko‘ra, prezident vakolat muddati hozirgi 5 yildan 7 yilga oshirilishi belgilangan.

Bugun, 8 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev referendum yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid