O‘zbekiston | 18:51 / 10.05.2023
28882
4 daqiqa o‘qiladi

Paxtachidagi birinchisi emas: O‘zbekiston tarixidagi texnogen portlashlar

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida gaz quyish shoxobchasining portlashi aholi orasida chinakam vahima uyg‘otdi. Chunki yarim tunda kuzatilgan xuddi kinolardagidek qo‘ziqorinsimon alanga juda balandga ko‘tarildi. O‘zbekiston tarixida jiddiy texnogen portlashlar bir necha marta kuzatilgan, ularda qurbonlar ham berilgan.

Foto: KUN.UZ

Sirdaryodagi o‘q-dori ombori portlashi

2022 yil 22 oktabr kuni tongda Sirdaryo viloyatining Malik aholi punktida joylashgan Mudofaa vazirligi omborida katta portlash yuz berdi. Portlash kuchi shunchalik bo‘lganki, u poytaxt Toshkentga qadar eshitilgan. Hodisa joyidan 20-25 masofadagi Chinoz tumani aholisi ham kuchli ovozdan uyg‘onib ketishgan, bu hududlarda ham derazalar titragan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlarida shikastlanganlarning 11 nafari Sirdaryo tumani tibbiyot birlashmasiga jo‘natilgani, ularga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilgani aytiladi. Olti nafar bemorga ambulator yordam ko‘rsatilib javob berilgani bildirilgan.

Denovdagi texnogen hodisa

2021 yil 7 dekabr kuni soat 3:57da Denov shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan ikki qavatli “Indenim” savdo majmuasi binosida chaqnash sodir bo‘lgan. Dimlanib qolgan gaz chaqnashi natijasida savdo majmuasi binosi devorlari qulab tushgan.

Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 4:02da voqea joyiga yetib borib, chaqnash natijasida sodir bo‘lgan yong‘inni soat 4:25da o‘chirgan. Chaqnash natijasida 9 nafar fuqaro tan jarohati olgan bo‘lib, ular shahar shifoxonasiga yotqizilgan, bir nafar fuqaro halok bo‘lgan. Shu kunning o‘zida davom ettirilgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida yana bir jasad topiladi.

Portlashda 65 ta uy zarar ko‘rgan, 6 ta xonadon devorlari yorilib, yashash uchun yaroqsiz holga kelgan. Portlash oqibatida yetkazilgan jami zarar 28,6 mlrd so‘mga baholangan. Hodisa bo‘yicha uch kishi aybdor deb topilib, ular turli muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan.

Portlagan avtobuslar va o‘nlab qurbonlar

2022 yil 18 avgust kuni Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida AGTKSdan gaz to‘ldirib chiqqan, Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi avtomaktabga tegishli “Isuzu” rusumli avtobusda portlash sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 6 kishi voqea joyida vafot etgan va 15 kishi tan jarohati olgan.

2018 yilning 18 sentabrida Buxoroning Kogon tumanida ham “Isuzu” avtobusdagi gazballoni portlashi natijasida 26 yo‘lovchidan 4 nafari hodisa joyida va 1 nafari shifoxonada vafot etadi. Yana 21 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohati olishgan.

Yangi-Angren energoblokidagi hodisa

2021 yilning 20 yanvar kuni soat 11:42da Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining profilaktika choralarini ko‘rish uchun to‘xtatilgan 5-energiya blokida chang-ko‘mirli havo aralashmasining portlashi sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida uch kishi vafot etgan, yana uch kishi turli darajada kuyish tan jarohatini olgan. Vafot etgan va jarohat olganlar 5-energiya blokida profilaktika ishlarini olib borayotgan xizmat ko‘rsatish xodimlari bo‘lgan. IES tomonidan vafot etganlarning oila a’zolariga 105 mln so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Hodisadan uch kun o‘tib, Yangi-Angren IESda sex rahbari lavozimida ishlab kelgan 40 yoshli S.Sh. uyida o‘zini osib, vafot etgan. Marhum IESda sodir bo‘lgan portlash ishi bo‘yicha tergovga jalb qilingani bildirilgan. 

Kogondagi sirli portlash

2008 yilning iyul oyida Buxoro viloyatining Kogon tumanida o‘q-dori omborida texnogen hodisa kuzatiladi. Sobiq ittifoq davridan qolgan raketa va artilleriya o‘q-dori omborida yuz bergan davomli portlashlar natijasida Buxoro shahridagi derazalar ham sinib tushgani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, qurbonlar soni 3 nafar bo‘lgan va 21 kishi turli darajada jarohatlangan. Hodisa jamoatchilikdan qattiq sir tutilgan, qurbonlar soni bo‘yicha ham turli taxminlar bo‘lgan.

Abror Zohidov

Mavzuga oid